Turkiya muxolifati hukumat qatag'oniga yurish bilan javob bermoqda

  • Amerika Ovozi

"Adolat yurishi"

Turkiyaning asosiy muxolif partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro’g’li terrorizmda ayblanar ekan, u hukumatning repressiv siyosatiga nisbatan 25 kunlik adolat yurishini e’lon qildi. Minglab odamlar poytaxt Anqaradan Istanbulgacha 450 kilometrlik marshga qo’shildi.

Qilichdoro’g’li Prezident Rajab Toyib Erdog’anning o’tgan yil iyulidagi voqealardan so’ng boshlangan qatag’onlarini tanqid qilmoqda. Hukumatga qarshi davlat to’ntarishi amalga oshmagach, Erdog’an buyrug’i bilan 100 mingdan oshiq odam ishidan haydaldi, 60 mingdan ziyodi hibsga olindi.

Qilichdoro’g’lining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, shu jumladan, uning partiyadoshi va deputat parlamenti Enis Berbero’g’li davlat sirlarini oshkor etish aybi bilan 25 yilga qamalgan.

“Favqulodda holat” haqidagi qonun qabul qilinganini davlat to’ntarishi bilan qiyoslash mumkin. Natijada bir necha deputat va jurnalist hibsga olindi, universitet professorlari ishdan haydaldi”, - deydi Qilichdoro’g’li.

Berbero’g’li hibsga olinganidan so’ng partiya yurish uyushtirishga qaror qildi.

Prezident Erdog’an marshni qoralab, terrorizm va fitnachilar manfaatlariga xizmat qilishini aytdi.

Tanqidga qaramay, yurish ishtirokchilarining soni oshmoqda. Ayni damda 10 mingga yaqin odam Istanbulga yaqinlashmoqda. Yakshanba kuni ular azim shaharga yetib kelishi kutilmoqda. Qilichdoro’g’lining aytishicha, bu norozilik namoyishining bir ko’rinishi, xolos.

“Kurash davom etadi. Demokratik tartib doirasida amalga oshiriladi. Parlament va uning chetidagi mavjud kuchlarni ishga solamiz”, - dedi u.

Marsh yuzasidan siyosiy ziddiyatlar kuchayar ekan, namoyishchilar va Qilichdoro’g’lini himoya qilish uchun qo’shimcha politsiyachilar safarbar etilgan.
Politsiya aksiya ishtirokchilariga hujumni rejalamoqchi bo’lgan olti kishi hibsga olinganini, ularning “Islomiy davlat” jangari to’dasiga aloqador ekanini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG