Iroq kurdlari tan olinmagan referendumda mustaqillik uchun ovoz berishi ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Kurdiston bilan chegaralarni yopishi haqida ogohlantirdi. U bu haqda Eronga tashrifidan so’ng gapirdi.
“Barcha havo yo’llari yopiladi; parvozlar allaqachon to’xtatilgan. Qayerdan yurasiz? Yaqinda chegaralar ham yopiladi. Kirish va chiqishni qanday uddalaysiz”, - dedi Erdog’an Anqaradagi uchrashuvda.
Turkiya rahbarining aytishicha, yangi choralar Bag’dod va Tehron bilan hamkorlikda yo’lga qo’yiladi. Ammo u bularning qachon amalga oshishi haqida aniq muddatni aytmadi.
Shu oy boshida Iroqning Kurdiston viloyatida o’tkazilgan norasmiy referendumda aholining 92 foizdan ortig’i mustaqillik uchun ovoz bergan edi. Bag’dod referendumni noqonuniy deb atadi. Anqara va Tehron ham uni keskin tanqid qildi.
Turkiya qo’shni mintaqada mustaqil kurd davlatining paydo bo’lishi mamlakat ichidagi kurd ayirmachilarini jonlantirib yuborishidan xavotirda.
Anqara Suriya kurdlarining ham ayirmachilik harakatiga tushganidan hadikda. Erdog’an, shuningdek, Kurdistonning energiya mahsulotlariga to’siq qo’yilishini e’lon qilib, bu ish Tehron va Bag’dod bilan birgalikda amalga oshirilishini aytdi. Iroq kurdlari har kuni Turkiya quvurlari orqali yarim million barrel neft eksport qiladi.
Agar Anqara bu quvurni yopsa, Moskva norozi bo'lishi mumkin. Chunki Rossiyaning neft kompaniyasi Kurdistonga katta investitsiya kiritgan. Ammo Erdog’an embargo, askincha, Prezident Vladimir Putinni xursand qilishini, chunki bu bilan neft narxlari oshishini aytmoqda.
Facebook Forum