Breaking News

Turkiyada diniy ta'lim kuchaygan


Istanbuldagi Kozim Qorabakir imom-xatib maktabi
Istanbuldagi Kozim Qorabakir imom-xatib maktabi
Turkiyada yangi o’quv yili boshlanar ekan, islohotlar avjida. Endi majburiy ta’lim ilgarigidek sakkiz yil emas, balki 12 yil. O’quv dasturiga yangi islomiy darslar ham qo’shilgan. Ayrim maktablar imom-xatib diniy o’quv yurtlariga aylantirilgan. Bundan norozi ota-onalar bor. Ular nazarida, hukumat ta’lim tizimini islomiylashtirishga urinmoqda.

Turkiyada diniy maktablar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:48 0:00
Yuklab oling


Mehmet Akif nomli o’rta maktabda ota-onalar farzandlarining darsdan chiqishini kutmoqda. Bu yerda darslar yangi islomiy dastur bilan almashtirilgan. Ayrim ota-onalar bundan norozi.

Farzandingiz boshiga ro’mol o’rasin, uzun ko’ylak kiysin, deb aytishadi. Yoshlar hayotini yana qoloqlik sari boshlashmoqchi, deya shikoyat qiladi ota-onalardan biri. Biz farzandlarimizni dunyoviylik tamoyillari asosida tarbiyalashimiz kerak, oldin shunaqa edi, deydi u.

Ammo o’zgarishlardan mamnun bo’lganlar ham bor.

“Biz musulmon davlatmiz. Imom-xatib maktablari dinimizni o’rgatish uchun kerak”, - deydi onalardan biri. Uning aytishicha, bolalarning dinni o’rganishi juda muhim va bunga qarshi bo’layotgan noroziliklar ortiqcha vahimadan boshqa narsa emas.

Istanbulda joylashgan mana bu imom-xatib maktabida Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an o’qigan. Diniy va dunyoviy fanlarni birga qo’shib o’qitadigan bunday maktablar mamlakatning konservativ aholisi orasida mashhur.

Darslar qatoriga Qur’on qiroati kabi diniy fanlarning qo’shilishi bolalarni ortiqcha zo’riqtiradi, deb hisoblaydiganlar bor.

O’qituvchi Azmi Doganning aytishicha, imom-xatib maktablari Turkiyaning dindor qatlami ehtiyojlariga xizmat qiladi.

O’quvchilar islomning barcha sohalari bo’yicha bilim olish imkoniyatiga ega, deydi u. Bunday maktabni bitirgan o’quvchi imom bo’lishi yoki diniy idoralarda ishlashi mumkin. Bu bolalar uchun muammo emas, chunki ota-onalarning o’zlari shuni xohlaydi, deydi o’qituvchi Dogan.

Imom-xatib maktablari o’tgan asrning 50-yillarida yaratilgan. 1990-yillar o’rtasida harbiylar amalga oshirgan davlat to’ntarishi oqibatida diniy maktablar faoliyati cheklanib, ularning bitiruvchilari oliy o’quv yurtlarida dinshunoslik bo’limlaridan boshqa sohalarda o’qishi taqiqlab qo’yilgan.

Dindorlar himoyachisi sifatida tanilgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hokimiyatga kelgach, diniy maktablar faoliyati yana yo’lga qo’yildi. Shu yil boshida amalga oshirilgan ta’lim islohoti natijasida diniy va dunyoviy fanlar qo’shib o’qitiladigan imom-xatib maktablari yana umumiy ta’limning ajralmas qismiga aylandi.

Muxolifatdagi dunyoviy partiyalar va ayrim o’qituvchilar e’tiroziga ko’ra, hukumat majburiy ta’lim standartlarini o’zgartirib, maktablarni islomiylashtirishga urinmoqda.

Istanbuldagi Bilgi universiteti professori Kenan Chayirning aytishicha, islohot maktablarga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

“Bu maktablar din va zamonaviylik o’zaro ziddiyatga ega emas, balki bir-birini to’ldiradigan tushunchalar ekanini ko’rsatishga xizmat qiladi. Bu bahsli masala. Dunyoviylik tarafdorlari din va zamonaviylikni bir-biriga zid, dinni tark etish kerak, deb hisoblashadi”, - deydi professor.

Hukumat qarashiga ko’ra esa, islohotdan maqsad 90-yillarda yopilgan diniy maktablarni qayta ochish xolos.

Ammo bunday da’vo norozilik namoyishlarini to’xtata olgani yo’q.

Yaqinda diniy dargohga aylantirilgan bir maktab qarshisida norozilik namoyishini o’tkazayotgan ota-onalarga ko’ra, hukumat maktablarga o’z ta’lim ideologiyasini majburlab o’tkazmoqchi.

Hukmron partiyaga mansub parlament vakili Ali Boganing aytishicha, bu hali boshlanishi.

“Biz ham shu maktablarni bitirganmiz. Ularning sonini rekord darajada oshirmoqchimiz. Hamma maktablarni imom-xatib maktablariga aylantirishimiz mumkin”, - deydi u.

Hukumat bunday da’volarni rasman tasdiqlagani yo’q. Ammo Bosh vazir islohotga qarshi bo’lganlarni keskin qoralaydi. Ta’lim vaziriga ko’ra, qarshilar, asosan, terrorchilarni qo’llab-quvvatlovchilar yoki dunyoviy tuzumning ashaddiy tarafdorlari.

Bu boradagi bahslar davom etmoqda. Siyosiy munozaralarda mavzu hali uzoq tilga olinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG