Breaking News

Zilzila Turkiya va Suriyada 5000 dan ortiq odamni nobud qildi


Suriya va Turkiyada ikkita yirik zilziladan o’lganlar soni 5000 dan oshib ketdi. Turkiyada 3500 dan ortiq odam, Suriyada esa bundan ikki karra kam aholi nobud bo’lgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ofat zonalarida favqulodda holat e’lon qildi.

Xalqaro hayot - 7-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:46 0:00

Ko’plab mamlakatlar Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilarini yuborgan. Minglab vayron bo’lgan imoratlar ostida hali ham tirik odamlar bor. Qutqaruvchilar vaqt bilan poygalashmoqda.

Suriyaning isyonchilar nazoratidagi shimoli-g’arbida zarur texnikaning yo’qligi, past harorat va qor bo’ronlari qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Dushanba kuni Jandaris shahrida qulagan bir bino ostidan yosh bola qutqarildi. Suriya Qizil Yarim oy jamiyati bu hududlarga ham yordam ko’rsatilishini bildirdi.

Markaziy hukumat nazoratidagi Halab shahrida ham vayronalar ostidan omon qolganlarni chiqarish ishlari avjida.

“Opam, pochcham, ularning bir qizi va bir o’g’li hali ham chiqqani yo’q”, - deydi Xolid ismli bir odam.

Turkiyada 14 mingga yaqin qutqaruvchi ishlayapti. Mamlakat janubida salkam 6000 ta bino qulagan.

O’rta yer dengizi bo’yida joylashgan Hatayda qutqaruv ishlarida harbiylar ham qatnashmoqda. Suriya bilan chegaradosh bu viloyat zilziladan eng qattiq zarar ko’rgan bo’lib, u yerda kamida 872 odam o’lgan.

Kechadan beri bir necha odam qutqarilgan. Kimgadir esa yaqinlarini omon ko’rish nasib etmadi.

Erdog’an 10 viloyatda uch oylik favqulodda holat e’lon qildi. Bu degani shu vaqt mobaynida prezident va Vazirlar mahkamasi parlament ishtirokisiz qonunlar qabul qilishi mumkin.

Favqulodda holat 14-mayga belgilangan prezident va parlament saylovlaridan oldin tugashi kutilmoqda.

Unga ko’ra, 70 ta mamlakat Turkiyaga o’z yordamini taklif etgan.

Xususan, Rossiya 100 dan ortiq qutqaruvchi va qutqaruv ishlarida ishlatiladigan zarur texnika va uskuna yuborgan.

"4,5 metrgacha chuqurlikda odamlarni topishga yordam beradigan endoskop va sensorlar olib keldik, mobil kasalxona tashkil etyapmiz”, - deydi Rossiya favqulodda holatlar vaziri maslahatchisi Daniil Martinov.

Rossiyalik mutaxassislar Suriyada ham ishlamoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari Turkiyada zilzila asoratlariga qarshi kurash uchun 100 million dollar ajratishini bildirdi.

Hindiston Turkiyaga ikkita transport samolyotida qutqaruvchilar, maxsus itlar, shifokorlar va uskunalar yubordi.

Qutqaruv ishlarida yordam berish uchun kecha harbiylarini Turkiyaga safarbar etgan Pokiston bugun 16 ming tonna gumanitar yuk yubordi.

Malatya shahrida zilzila oqibatida uyidan ayrilgan odamlar uchun chodirli lager tashkil etilgan, biroq odamlar palatkalar yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda.

"Shahar qattiq zarar ko’rdi. Chavusho’g’li tumanida 10-15 ta bino butunlay quladi. Qarindoshlarimizdan ayrildik. Uyimizga kira olmayapmiz, mashinada tunadik”, - deydi Bayram ismli bir odam.

Adiyaman shahrida bugun vayronalar ostidan bir bola qutqarildi. Video ijtimoiy sahifalar orqali tez tarqalib ketdi.

BMTning Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, zilzila ayniqsa Turkiyaga qattiq zarar yetkazgani bilan Anqarada zilzila asoratlari bilan olishish uchun ham mablag’, ham salohiyat mavjud, ammo ko’p yillik mojarodan zaiflashgan hamda gumanitar inqiroz natijasida vabo epidemiyasi bilan yuzlashayotgan Suriya jiddiy yordamga muhtoj.

Tashkilot ofat zonalariga zarur anjomlar va mutaxassislarini safarbar etmoqda.

“Hozir ko’plab odamlarga ruhiy yordam kerak bo’ladi. Ammo mojaro va zilziladan zarar ko’rgan hududlardagi tibbiy muassasalar bunday yordam ko’rsatishga tayyor emas, zilzila natijasida elektr ta’minotida uzilishlar bor”, - deydi Xalqaro qutqaruv qo’mitasidan Mark Key.

Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok Rossiyani Suriya hukumatiga bosim qo’yib, xalqaro gumanitar yordamga yo’l ochishga ruxsat berishga undashga chaqirdi.

"Qurollarni chetga surib qo’yib mintaqadagi barcha diqqatni gumanitar yordam ko’rsatishga, odamlarni vayronalar ostidan chiqarishga, jabrdiydalarni himoya qilishga qaratish kerak”, - dedi u.

Suriya hukumati bilan rasmiy aloqasi bo’lmagan Germaniya yordamni nodavlat tashkilotlar orqali yubormoqda.

Berbok Germaniyada yashayotgan turk millatiga mansub salkam 2,3 million vatandoshlariga ta’ziya bildirdi.

Bugun germaniyalik o’t o’chiruvchilar va qutqaruvchilar Adana shahridagi aeroportga qo’ngan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG