Breaking News

Turkiya Suriyada kurdlarni nishonga olishi mumkin


Turkiya tanki Suriya chegarasi yonida
Turkiya tanki Suriya chegarasi yonida

Turkiya Suriya chegarasida harbiy qo’shinlarini to’plamoqda. Prezident Rajab Toyib Erdog’an armiya yaqin kunlarda Suriya kirishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Xabarlarga ko’ra, turk askarlari suriyalik kurd qo’shinlari nazoratidagi Afrin anklaviga hujum qilishi kutilmoqda.

Anqara nazarida, Suriya chegarasi bo’yidagi katta hududlarni egallab olgan suriyalik kurdlar Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) bilan til biriktirgan. Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi PKKni terrorchi tashkilot deb biladi.

“Biz yaqin kelajakda yangi harbiy kampaniyani boshlash uchun muhim qadamlar qo’yamiz. Kelajagimiz va ozodligimizni nishonga olishga qaratilgan fitnani oshkor etish uchun o’z zaminimizdan ko’ra Suriya va Iroqda qon to’kishni afzal ko’ramiz”, - dedi Erdog’an Turkiyaning Malatya shahrida tarafdorlari oldida so’zlarkan.

Hukumat siyosatini qo’llab-quvvatlovchi matbuot harbiy amaliyot ehtimolini olqishlamoqda.

“Tahdidni ko’ra biladigan va uni bartaraf etish uchun nutqlarida va amalda qo’rqmay chora ko’ra oladigan prezidentimizning yetakchiligi eng katta ustunligimizdir”, deb yozadi “Yeni Shafak” gazetasi jurnalisti Mehmet Ajir.

Uning nazarida, vatanda xavfsizlikni ta’minlash uchun qo’shni davlatlarda harbiy amaliyotlarni olib borish samara beradi. Bunday yondashuv “Erdog’an doktrinasi” deya yuritilmoqda.

Turkiyada kelasi yili prezident va parlament saylovlari kutilar ekan, Erdog’an bunday qarorlari bilan millatchi saylovchilar ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.

Turkiyadan bu kabi siyosiy bayonotlar yangrab turgan bir paytda Turkiya tomonidan qurollangan va tayyorgarlikdan o’tgan Ozod Suriya armiyasi jangchilari Afrinda suriyalik kurdlarga qarshi hujumlarini oshirgan.

Turk qo’shinlari “Furot qalqoni” amaliyoti doirasida Suriyaga kirib, “Islomiy davlat” jangari to’dasi va suriyalik kurdlarni nishonga oldi. Afrin anklaviga yaqin hududda joylashgan Ozod Suriya armiyasi kuchlari turk armiyasini bu amaliyotda qo’llab-quvvatlamoqda.

“Biroq “Furot qalqoni” amaliyoti AQSh va Rossiya harakatlari tufayli to’xtab qoldi”, - deydi sobiq diplomat Oydin Seljen.

Ayni damda mintaqaviy tahlilchi bo’lib ishlayotgan Seljenning aytishicha, Rossiya va AQSh qo’shinlari turk armiyasining olg’a qadamlarini to’xtatib qo’ydi.

“Ular Turkiyaning ichkariroqqa kirishiga yo’l berishmayapti. Ularning asosiy nishoni “Islomiy davlat” to’dasi. Turkiya esa kurdlarni ham ta’qib etmoqchi, biroq na Rossiya va na AQSh bunga rozi. Turkiya oldida turgan muammo hozir mana shunda”, - deydi “Al-Monitor” veb-sahifasi siyosiy sharhlovchisi Semih Idiz.

Rossiya kuchlarining bir qismi Afrinda, yana bir qismi esa Turkiya chegarasi yaqinida joylashgan.

Tahlilchi Seljenning aytishicha, ayni damda AQSh va Rossiya o’rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va Turkiya bundan foydalanmoqchi. Unga ko’ra, Moskva suriyalik kurdlar va AQSh o’rtasida harbiy hamkorlik kuchayayotganidan hamda Qo’shma Shtatlarning jangarilarni Raqqa shahridan haydash harakatlaridan xavotirda.

“Islomiy davlat” Raqqani o’z xalifaligining poytaxti deb e’lon qilgan edi. Raqqaga hujumda suriyalik kurdlar faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya AQShning Suriya hukumati harbiy samolyotlarini urib tushirayotganidan ham tashvishda. Anqara diplomatik harakatlarini kuchaytirib, o’tgan oy Rossiyadan S-400 rusumidagi raketaga qarshi havo mudofaasi sistemasini sotib oldi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li yakshanba kuni Manilada ASEAN vazirlari yig’inidan foydalanib, rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan gaplashib oldi.

Bugun Tehronda Turkiya, Rossiya va Eron rasmiylari Suriya mavzusida ikki kunlik muloqot boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG