Breaking News

Turkiya Tolibon bilan til topisha oladimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olgandan beri Turkiya harakat rahbariyati bilan muloqot qilib kelmoqda. Turkiya NATO a’zosi bo’lishiga qaramay, Tolibon Anqaradan Kobul xalqaro aeroportini boshqarishda yordam so’ragan.

Xalqaro hayot – 3-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:33 0:00

“Turkiya NATO safidagi yagona musulmon davlat bo’lgani uchun Tolibon bilan gaplashganda o’zini boshqa a’zo davlatlarga qaraganda ustunlikka ega deb o’ylaydi, ammo Tolibonning bu masalada qarashlari farq qiladi”, - deydi Turkiyaning Yevropa Ittifoqidagi sobiq elchisi Salim Kuneralp.

Turkiya Tolibon iltimosini bir shart bilan qondirishga rozi – aeroport xavfsizligini Tolibon emas, turk harbiylari ta’minlashini talab qilmoqda. Tomonlar shu masalada hozircha kelisha olmayapti, biroq ayrim tahlilchilarga ko’ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bunday diplomatik imkoniyatni qo’ldan chiqargisi yo’q.

“Erdog’an Tolibon bilan hamkorlik Turkiyaga siyosiy dastak beradi, NATO va G’arbning Tolibon bilan muloqotida vositachi bo’ladi deya umid qilmoqda”, - deydi Yevropa kengashi siyosiy-tahlil markazi eksperti Asli Oydintoshbosh.

Turkiyaning Afg’onistonda ishlayotgan qurilish kompaniyalari ham bundan foyda ko’rishi mumkin, deydi ba’zilar.

Yaqinda Turkiyada chiqadigan bir gazetaga intervyu bergan Tolibon rasmiylaridan biriga ko’ra, Anqara Afg’onistonni qayta qurishda muhim rol o’ynashi mumkin. Tolibon Turkiya va Qatar kabi bir-biriga ittifoqchi davlatlar moliyaviy yordam berishiga umid qilmoqda. Ammo ayrim tahlilchilar nazarida, Turkiya Afg’onistondagi imkoniyatlariga sog’lom baho berishi lozim.

“Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar – Rossiya [Rossiya Afg’oniston bilan bevosita chegaradosh emas – “Amerika Ovozi”], Xitoy, Hindiston, Eron va Pokiston – bularning barchasi yirik, faol va nufuzli davlatlar bo’lib, Afg’onistonda ta’sir kuchiga ega. Turkiya Afg’oniston bilan tarixiy rishtalarga ega bo’lgani uchungina yolg’iz o’zi vositachi bo’la oladimi, o’rtaga tusha oladimi? Bunga shubham bor”, - deydi Qodir Has universitetida siyosatshunos Soli O’zel.

Ammo ba’zi boshqa tahlilchilarning ta’kidlashicha, Turkiyaning mintaqadagi deyarli har bir davlat bilan aloqasi yaxshi, shu tarafdan Afg’oniston bilan hamkorlik qilish oson bo’ladi.

“Turkiya Afg’oniston bahonasida Moskva bilan mintaqaviy xavfsizlik bobidagi muloqotini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Suriya, Qorabog’ va boshqa joylarda bo’lgani kabi”, - deydi Bonn universitetidan Zaur Gasimov.

Erdog’an yaqin kunlarda Moskvaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ikki davlat aloqalarining kuchayishi NATO xavotiriga sabab bo’lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG