Breaking News

Turkiya jurnalist Qoshiqchining o'limi bo'yicha xalqaro tekshiruv boshlamoqchi


Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li

Turkiya saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o'limi yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlashni rejalamoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li mahalliy matbuotga gapirdi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni tanqid qilishi bilan tanilgan va AQShning "Vashington Post" gazetasi uchun ishlagan jurnalist o'tgan yili 2-oktabrda Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligiga kirib ketib, qaytib chiqmagan edi.

Riyod dastlab jurnalistning sog'-omon konsullikdan chiqib ketganini da'vo qildi, ammo bosimlar oshgandan so'ng uning konsullikda o'ldirilganini tan oldi, lekin bundan qirol va shahzodaning xabari bo'lmaganini bildirdi.

Anqara avvalroq Qoshiqchining o'limi bo'yicha bir qator davlatlar bilan ishlayotganini, lekin Riyod hamkorlik qilishdan bosh tortayotganini aytgan edi.

Istanbuldagi Saudiya konsulligi binosi oldida o'ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirasiga yoqilgan shamlar, 2018-yil, 25-oktabr
Istanbuldagi Saudiya konsulligi binosi oldida o'ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirasiga yoqilgan shamlar, 2018-yil, 25-oktabr

G'arb munofiqlik qildimi?

Chovusho'g'lining aytishicha, ayrim G'arb davlatlari ham Qoshiqchining o'limini bosti-bosti qilishga urinmoqda. Bu masala bo'yicha xalqaro tekshiruv boshlash uchun tayyorgarlik ko'ryapmiz, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.

"Bu ishni yopishga urinayotgan G'arb davlatlari bor. Sabablarini bilaman. Qanday kelishuvlar qilinayotganini ham bilamiz va ko'rib turibmiz. Matbuot erkinligi haqida gapiradiganlar pulni ko'rgandan keyin ishni bosti-bosti qilishayotganiga guvohmiz", - dedi Chovusho'g'li.

"Biz oxirigacha boramiz. Kelayotgan kunlarda xalqaro tekshiruv boshlash uchun tayyorgarlik ko'rib qo'ydik va kerakli qadamlarni olamiz", - deydi rasmiy.

Saudiya Arabistoni qotillik bo'yicha Anqara bilan hamkorlik qilayotganini aytsa-da, Qoshiqchining jasadi qayerda ekani hanuzgacha aniqlanmagan.

"Buyruq tepadan kelgan"

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Qoshiqchini o'ldirish buyrug'i Saudiya yetakchilarining eng tepasidan kelganini aytgan edi. Riyod esa bu ayblovni inkor etadi.

Saudiya prokurorlari jurnalistning o'limida ayblanayotgan 11 kishining besh nafariga o'lim jazosi so'ramoqda.

Qoshiqchining o'limi xalqaro shov-shuvlarga sabab bo'lib, qudratli shahzoda Muhammad bin Salmon obro'siga putur yetkazdi.

Shundan beri Saudiya Arabistoni xalqaro bosimlar ostida. Uning yaqin ittifoqchisi AQShda Prezident Donald Tramp Riyodni himoya qilgan bo'lsa-da, Senat jurnalist o'limida shahzodani ayblovchi rezolyutsiya qabul qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG