AQSh elchixonasi Turkiyadagi vatandoshlarni ogoh bo'lishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Istanbul, Turkiya

15-iyul - Turkiyada Demokratiya va ozodlik kuni - o'tgan yili davlatni to'ntarishga qaratilgan harakatda nobud bo'lganlar xotirlanadi.

AQShning Anqaradagi elchixonasi Amerika fuqarolarini shu kuni ogoh bo'lishga da'vat etmoqda. Elchixonaning internetdagi sahifasida chop etilgan bayonotda jamoat joylarida davlatga qarashli va nodavlat tashkilotlarning yirik namoyishlari haqida ogohlantirilgan.

Turkiya matbuotiga ko'ra, mamlakat parlamenti, Istanbulning "15-iyul shahidlari ko'prigi"da va boshqa joylarda turli xotira tadbirlari uyushtiriladi.

AQSh elchixonasi Tashqi ishlar vazirligidan barcha tadbirlar ro'yxatini kutmoqda. Turkiyadagi AQSh fuqarolariga ommaviy yig'inlardan uzoqroqda yurish tavsiya qilinadi.

"Ba'zida tinch namoyishlarda ham to'qnashuvlar va zo'ravonlik yuz berishi mumkin", deyiladi elchixona ma'lumotnomasida.

2016-yil 15-iyulida turkiyalik harbiylar poytaxt Anqara, Istanbul va boshqa shaharlarda hokimiyatni qo'lga olishga harakat qildi, ammo hukumatga sodiq kuchlar qarshiligiga uchrab, davlat to'ntarishi amalga oshmadi. To'qnashuvlarda 300 dan ziyod odam nobud bo'ldi.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an sobiq imom, AQShda yashovchi sobiq maslakdoshi Fathulla Gulenni fitnada ayblab, unga aloqadorlik gumoni bilan mamlakat bo'ylab salkam 40 ming odam, jumladan 10 ming harbiy va 2745 sudya hibsga olindi, minglab odam ishidan haydaldi.

Fathulla Gulen o'ziga qarshi barcha ayblovlarni inkor etgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Richard Autzennning aytishicha, Turkiya og'ir kunlarni boshdan kechirdi va 2016-yil voqealaridan so'ng o'zini tiklab olishga muvaffaq bo'ldi.

Turkiya hukumati AQShdan Fathulla Gulenni deportatsiya qilishni talab qilgan, biroq Vashington Anqaradan olingan dalillarni deportatsiya uchun yetarli deb hisoblamadi.

"Gulen tarafdorlarining barchasi ham fitnada qatnashmagan va fitnada qatnashganlarning barchasi ham gulenchi emas", - deydi Autzen.

Unga ko'ra, Turkiya hukumati aybdorlarni aniqlashda tergovni sinchkovlik bilan olib borishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG