Breaking News

Turkiyada kurdlar bilan murosa taklifi millatchilarga yoqmayapti


Kurdiston Ishchilar partiyasi jangchilari
Kurdiston Ishchilar partiyasi jangchilari
Turkiya hukumati isyonkor kurdlar bilan murosa izlayotgani millatchi guruhlar qarshiligiga uchramoqda.

Hukumat tuzgan “Donolar guruhi” kurdlar bilan murosa uchun mas’ul. Ammo millatchi jamoalar orasida bunga e’tiroz kuchayib borayapti.

Kurdlar bilan murosa turk millatchilariga ma'qul emas/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00
Yuklab oling

O’tgan oy guruh tarkibidagi taniqli olimlar, yulduzlar va jurnalistlar Turkiya bo’ylab kezib, hukumat tashabbusini xalqqa tushuntirishga harakat qildi. Kurdiston Ishchilar Partiyasi isyonini tugatish zarurati haqida gapirdi.

Millatchilar Harakati Partiyasi rahbari Davlat Bahjali yaqinda o’n minglab tarafdorlariga murojaat qilar ekan, hukumat rejasini ayovsiz tanqid qildi. Turkiyada Kurdiston muxtoriyati hosil bo’lishi uchun zamin hozirlayapmiz, deya norozi bo’ldi u.

Uning so’zlarini xalq olqishlar bilan kutib oldi. “Kimni uraylik, ayting, uramiz. Kim uchun jon fido qilaylik, ayting, qilamiz!” degan shiorlar yangradi. Bahjali “Buning uchun hali fursat bo’ladi” deya javob qildi.

Mana 30 yildirki, Kurdiston Ishchilar Partiyasi Turkiya hukumatiga qarshi olishib, ozchilik bu elat huquqlarini talab qilib keladi. Mojaro 30 mingdan oshiq odamning boshini yedi. Lekin 8-may kuni davlat bilan erishilgan sulh doirasida kurd jangchilari Turkiyadan chiqa boshladi. Buning evaziga hukumat nimada yon berishi hali e’lon qilinganicha yo’q.

Iste’fodagi general Xaldun Solmazturk, xalqaro aloqalar bo’yicha ekspert, muzokaralar haqida shubha bilan gapiradi.

“Kurdlar Turkiyada Kurdiston yaralmagunicha tinchimaydi. Kurdiston Ishchilar Partiyasi bundan kamiga qurolini tashlamaydi. Qanday bitimga erishilgan – buni hech kim bilmaydi. Matbuotdagi senzurani umuman gapirmasa bo’ladi”, - deydi Solmazturk.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an yaqinda tinchlik muzokaralariga doir maxfiy hujjatlarni e’lon qilgan gazetani keskin tanqid qildi. Kurdlar masalasi bo’yicha taniqli mutaxassis va jurnalist mavzuni tanqidiy ruhda yoritgani uchun ishidan haydalgan.

Istanbuldagi Bahcheshehir Universiteti olimi Chingiz Axtar fikricha, muzokaraga qarshilar u qadar ko’p emas.

“Millatchilar juda katta kampaniya boshladi, deya olmayman. Kurdlar bilan har qanday murosaga qarshi kichik-kichik guruhlar bor va ular e’tirozini ochiq-oydin aytayotgani sir emas. Lekin ular hamma o’ylaganidek ko’pchilik emas. Aslida, Turkiya jamiyatida tinchlik tashabbusiga xayrixohlar safi kengayib borayapti”, - deydi olim.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra esa xalq orasida fikrlar qarama-qarshi. Aksariyat ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilish tarafdori, ammo Kurdiston Ishchilar Partiyasining qamoqdagi rahbari Abdulla Ojalan bilan muzokaraga “yo’q” deguvchilar soni ham salmoqli.

Oxirgi so’rovni olaylik – hukumatni yoqlovchilar kamaygan, millatchi partiyalar esa reytinglarda ancha ildamladi.

“Haber Turk” gazetasi muxbiri Soli Ozel so’zlariga ko’ra, so’nggi namoyishlar tinchlik muloqoti hal qiluvchi pallaga kirganidan dalolat beradi.

“Rahbariyat aniq-tiniq gapirmayotgani ishning belgiga tepishi mumkin. Kim bilan, nima haqda gaplashayotganini oshkora tushuntirib berishi kerak. Shubha, xavotirlar juda kuchli. Lekin Kurdiston Ishchilar Partiyasi jangchilari chiqib ketayotgani, oxirgi to’rt oyda biror odam o’lmagani katta gap”, - deydi Ozel.

Kurd jangchilari yaqin bir necha oyda Turkiyadan butunlay chiqib ketadi. Ungacha hukumat kurdlarning qaysi talablariga “xo’p” degani ham ayon bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG