Suriyada yillar davomida hukumatga qarshi bosh ko’targan va qurolli isyon olib borgan kuchlarni qo’llab-quvvatlagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an millionlab suriyalik qochqinlarni vataniga qaytarish maqsadida Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi. Biroq Assad buning uchun Anqaradan qo’shinlarini Suriyadan olib chiqishni talab qilmoqda.
“Erdog’an Assad bilan ish qilishga, muzokara qilishga majbur. Turkiyada xalq hukumatdan ko’p sonli suriyalik qochqinlarni vataniga qaytarishni talab qilyapti”, - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Sinan Jiddi.
Suriyaga qo’shin kiritgan Erdog’an suriyalik kurdlardan taralayotgan tahdidga ishora qilarkan, Assadning turk askarlarini chiqarish talabini qondirmoqchi emas.
“Turkiya janubiy chegarasiga tahdid mavjudligini his qilgunga qadar Suriya shimolidan qo’shinlarini olib chiqmaydi”, - deydi Turkiyaning Suriyadagi sobiq elchisi Umar Onxon.
Arab davlatlari bilan munosabatlarni tiklashga muvaffaq bo’lgan Assad mintaqaviy izolyatsiyadan chiqib, yaqinda Arab Ligasiga qaytdi. Ayrim tahlilchilarning aytishicha, bu unga Turkiya bilan muloqotda kuch bag’ishlaydi.
“Arab Ligasiga qaytganidan so’ng qilgan ilk ma’ruzasida Bashar Assad Usmoniylar imperiyasining ekspansionistik siyosatini tilga olib, undan shikoyat qildi, Turkiyaga ishora qildi. Ya’ni Turkiyani tanqidga oldi. Shu bilan birga, mamlakatni qayta qurishda Suriya Turkiya yordamiga muhtoj”, - deydi London iqtisodiyot maktabidan Selin Nasi.
Damashq Rossiyadan muhim harbiy yordam olarkan, Prezident Vladimir Putin Erdog’an va Assadni yarashtira olishi mumkin. Erdog’an bilan Sochida bir necha kun oldin ko’rishgan Putin Suriyada hamkorlik qilish muhimligiga urg’u berdi.
“Rossiya Turkiya va Suriya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari o’rtasidagi uchrashuvga turtki berdi. Rossiyaning o’ziga yarasha roli bor. Ammo uning manfaatlari va ustuvorliklari Turkiya va Assad rejimi manfaatlari va ustuvorliklariga to’g’ri keladimi? Shunisi muhim”, - deydi Onxon.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Suriya mojarosi Putin uchun Erdog’an bilan murakkab munosabatlarda jiddiy bosim vazifasini o’taydi.
Forum