Turkmanistonda xalqaro temir yo'l ochildi

  • Amerika Ovozi

28-noyabr kuni Turkmanistonda Osiyo xalqaro temir yo'l qurilishining 1-tarmog'i ishga tushdi. Ochilish marosimida Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedov va Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani ishtirok etdi.

Yangi temir yo'l orqali Afg'onistonga turkman mollarini tashish imkoniyatini yaratish ko'zda tutilgan. Kobul, shuningdek, Turkmaniston orqali Yevropa bozorlariga chiqishni ko'zlamoqda.

G'alla, un va qurilish materiallaridan iborat ilk yuk poyezdi shu kuni Afg'onistonga qarab yo'lga chiqqan.

"Yangi yo'lning ochilishi Afg'oniston, Tojikiston, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Tinch okeani mintaqasi uchun muhim imkoniyatlarni yaratadi hamda yuklarni Eron, Qozog'iston, Rossiya, Ozarbayjon va Yevropaga yetkazish uchun yaxshi sharoitlarni muhayyo qiladi", - dedi Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedov ochilish marosimida.

G'ani yangi temir yo'lni "afg'on xalqi orzusining ushalishi" deb atadi.

Prezidentlar shu kuni chegaradagi neft terminalini ham ochib bergan.

Turkmaniston 88 kilometrli yo'lni uzaytirib, Tojikiston, Qirg'iziston va Xitoygacha olib bormoqchi. Ikki yil avval Turkmanistonda Qozog'istonni Eron bilan bog'lovchi yana bir xalqaro tarmoqning ochilish marosimi bo'lib o'tgan edi.

Bu orada joriy hafta Ashxobodda BMTning barqaror transport bo‘yicha Birinchi Global anjumani bo'lib o'tdi. Unda bir qator davlatlar rahbarlari, xususan, Bosh vazir o'rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimov yetakchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Rustam Azimov o'z chiqishida transport kommunikatsiyalaridagi xavfsizlikni kuchaytirish masalasiga e'tibor qaratgan.

U, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan qurib ishga tushirilgan Termiz-Mozorisharif temir yo‘li kelgusida Afg‘oniston iqtisodiyoti rivoji uchun katta hissa bo‘lib qo‘shilishini ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG