Breaking News

Turkmanistonda o'nlab siyosiy mahbusning taqdiri noma'lum


Turkmaniston sobiq Tashqi ishlar vaziri Boris Shixmurodov, qamoqda, o'likmi, tirikmi, ma'lum emas

Turkmaniston yillar davomida yopiq jamiyatligicha qolmoqda. Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, mamlakatda yuzdan ziyod siyosiy mahbus bor va ularning taqdiri noma’lum. Ayni damda Turkmaniston hukumatidan bu mahbuslarning ahvoli haqida ma’lumot berishni talab qiluvchi kampaniya olib borilmoqda.

AQSh Davlat departamentining Dunyoda inson huquqlariga doir yillik hisobotiga ko’ra, Turkmanistonda diniy va siyosiy erkinlik yo’q, amaldagi tuzumga qarshi chiqqanlar ta’qib etiladi, panjara ortiga tashlanadi. Marhum Prezident Saparmurod Niyozov paytida amal qilgan repressiv siyosat bugun ham davom etmoqda.

Huquq himoyachilariga ko’ra, mamlakatda yuzdan ziyod siyosiy mahbus bor va ularning ahvoli - tirik yoki o’lgani haqida hatto oila a’zolariga ham ma’lumot berilmagan.

Kaspiy dengizi atrofidagi mamlakatlarda inson huquqlarini o’rganuvchi “Crude Accountability” tashkiloti “Ularning hayotligini isbotlang” degan aksiya boshlagan. Virjiniya shtatida joylashgan bu guruh rahbari Keyt Uottersning aytishicha, yuzga yaqin mahbusdan 66 nafarining shaxsi aniqlangan.

“Bu xalqaro kampaniya bo’lib, Turkmaniston hukumatini so’nggi 13 yilda qamalib bedarak ketgan insonlarning ahvoli haqida xabardor qilishni so’raymiz. Xalqaro tashkilotlar orqali, xalqaro mexanizmlar yordamida hukumatga bosim qo’yib, siyosiy mahbuslar haqida ma’lumot ulashishni, oila a’zolariga ular bilan ko’rishishga ruxsat berishni hamda mahbuslarni tibbiy va huquqiy xizmatlar bilan ta’minlashni talab qilamiz. Ular tirikmi, yo’q, shuni bilmoqchimiz”, - deydi Uotters.

Internetda “Turkmaniston haqida muqobil xabarlar” sayti asoschisi, turkmanistonlik jurnalist Ruslan Myatiyevning aytishicha, siyosiy mahbuslarning aksariyati 2002-yilda Niyozovga qarshi suiqasdga aloqadorlikda ayblanib qamalgan.

“Bu insonlarning ba’zilari 13-20 yilga qamalgan, biroq bu ishdagi roli juda minimal bo’lgan. Ayrimlari katta yoshda. Turkmanistonda o’rtacha hayot davomiyligining qisqa ekanini hisobga olsak, ba’zilari kasallikdan vafot etgan bo’lishi ham mumkin. Hukumat, hech bo’lmaganda, ular tirikmi, yo’qmi, shuni aytsa bo’lardi”, - deydi Myatiyev.

Mahbuslar orasida sobiq Tashqi ishlar vaziri Boris Shixmuradov ham bor. U ham Niyozovga qarshi fitnada ayblanib, 2002-yilda qamoqqa tashlangan. O’shanda, 13 yil oldin Shixmuradov 53 yoshda edi.

2006-yil oxirida Niyozov vafot etib, uning o’rniga Sog’liqni saqlash vaziri Qurbonguli Berdimuhammedov prezident bo’lganiga qaramay, ahvol keskin o’zgarmadi.

2007-yilda yangi davlat rahbari 11 siyosiy mahbusni ozod etdi, Niyozovga sig’inishga chek qo’ydi, inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi ikkita komissiya tashkil etdi, davlat diniy ozchilikdagi 13 ta guruhni ro’yxatga oldi. Biroq, deydi huquq faollari, matbuot va uyushish erkinligini cheklovchi qonunlar isloh etilmadi, repressiv nazoratni amalga oshiruvchi organlar hali ham faol ishlamoqda, Niyozovga sig’inish Berdimuhammedovga sig’inishga almashdi.

Eng qizig’i, deydi jurnalist Ruslan Myatiyev, marhum Turkmanboshiga qarshi fitnada ayblanganlar ozodlikka chiqmadi. Unga ko’ra, Niyozovning o’limidan so’ng davlatni har xil kuchlar boshqarmoqda.

“Bu mahkumlarning Berdimuhammedovga umuman aloqasi yo’q. Ularning amaldagi prezidentga qarshi shaxsiy g’arazi ham yo’q. Mening nazarimda, Berdimuhammedov bu masalani hal qila olmaydi. U tashqi va ichki siyosatga bosh, ammo bu ishlar bilan uning atrofidagi boshqa kuchlar shug’ullanadi”, - deydi Myatiyev.

Markaziy Osiyo bo’yicha konsultant Maylz Smitning aytishicha, Berdimuhammedovning boshqaruv uslubi Niyozovnikidan farq qiladi, ammo natija o’sha-o’sha.

“Niyozov paytida ko’p narsa tomosha uchun qilinardi, hozir ham odamlar siyosiy qarashlari uchun qamoqqa olinmoqda, ammo shovqin-suronsiz”, - deydi Smit.

“Ularning tirikligini isbotlang” aksiyasi asoschisi Keyt Uottersning aytishicha, Turkmaniston kichik va yopiq mamlakat bo’lgani sabab u yerdagi siyosiy jarayonlar haqida ma’lumot olishning iloji yo’q. Busiz esa unga bosim qo’yish oson emas. Jurnalist Ruslan Myatiyevga ko’ra, turkman muxolifatining yo’qligi ham respublikadagi jarayonlar haqida aniq tasavvurga ega bo’lishni qiyinlashtirmoqda.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG