Birlashgan Arab Amirliklari Mars sayyorasiga ilk apparatini uchirdi. Mamlakat neftga tobeligini kamaytirish maqsadida ilm-fanni rivojlantirishga zo’r bermoqda.
“Umid” apparati Yaponiyaning “Tanegashima” fazo markazidan havoga ko’tarilib, 7 oyda Qizil sayyoraga yetib borishi aytilmoqda.
Loyiha 200 million dollarga tushgan. Kema sayyora atrofida aylanib, Yerga uning atmosferasi haqida ma’lumot uzatadi.
“Birlashgan Arab Amirliklari endi koinotga parvoz qiluvchi mamlakatlar qatoriga qo’shildi. Bundan keyin fazoni tadqiq etish dasturlarini rivojlantirishda davom etamiz”, - deydi mamlakat fazo agentligi rahbari Muhammad Alababi.
Ayni paytda Mars sayyorasini sakkizta missiya o’rganmoqda. Ba’zilari sayyora atrofida aylanayotgan bo’lsa, boshqalari Mars sirtida izlanish olib boryapti.
Bu o’rtada AQSh va Xitoy ham Qizil sayyoraga ekspeditsiya boshlashga hozirlanmoqda. Xitoy raketasi Xaynan viloyatidagi “Venchan” kosmodromida shay holatga keltirilgan.
Parvoz oy oxirida yoki avgust boshida amalga oshirilishi kutilmoqda. Har 26 oyda Mars Yerga maksimal darajada yaqinlashadi, hozir aynan shunday payt. Bunday imkoniyat kosmik apparatga kamroq yoqilg’i sarflash imkonini beradi.
“Uzoq Marsh-5” raketasi kosmodromga may oyida keltirilib, shundan beri sinovlar, texnik ishlar olib borilmoqda.
Ilk bor Xitoy fazo kemasida amalga oshirilayotgan missiyadan maqsad Marsda namunalar to’plash.
“Raketa bir paytning o’zida Mars orbital apparati, qo’nish apparati va marsoxodni koinotga olib chiqadi, shunda bir missiyada uch xil vazifani bajarishga muvaffaq bo’lamiz”, - deydi fazo mutaxassisi Lon Lexao.
Facebook Forum