AQSh Mudofaa vazirligi, Federal qidiruv byurosi, Amerikaning razvedka idoralari noma’lum uchar jismlar haqida qanday ma’lumotga ega? Milliy razvedka direktori Kongressdagi ikkita qo’mitaga shu mavzuda hisobot taqdim etdi. Hisobot ko’plab savollarga javob beradimi yoki aksincha qo’shimcha savollar keltirib chiqaradimi?
Ko’pdan beri kutilgan hisobot bilan birinchi bo’lib qonunchilar tanishib chiqdi, so’ng jamoatchilikka taqdim etildi. Unda harbiylar tili bilan aytganda “noma’lum havo hodisa”sining 144 ta holati qayd etilgan.
Mudofaa vazirligi va razvedka idoralari tahlilchilariga ko’ra, harbiy uchuvchilar kuzatgan sirli uchar jismlarning kelib chiqish sababini aniqlash uchun ma’lumot yetarli emas.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan noma’lum jismlarning g’ayrioddiy uslubda uchgani tasvirga tushirilgan kadrlar ketidan hukumat hodisani sinchkovlik bilan tekshirishni buyurgan.
Pentagon qoshidagi maxsus bo’lim 2008-yildan beri noma’lum uchar jismlarni o’rganadi.
“Hisobotlarni maxsus tayyorgarlikdan o’tgan mutaxassislar tayyorlagan. Jismlarning haqiqiy ekaniga shubha yo’q. Ular bizning havo hududimizda uchdi. Ammo ularning nima ekanini bilmaymiz”, - deydi bo’lim boshlig’i Luis Elizondo.
Har ikki yirik siyosiy partiyaning Kongressdagi vakillariga ko’ra, bu jismlarning AQShga tahdid darajasini o’rganish vaqti keldi.
Hisobot “uchoqlar AQSh dushmanlaridan biriga qarashlimi?” degan savolga javob berishga harakat qiladi. Rossiya yoki Xitoy bu kabi o’ta ilg’or texnologiyani yaratishga qodirmi?
Obama ma’muriyatida Mudofaa vazirligida ishlagan tahlilchi Marik fon Rennenkampf bunga ishonmaydi.
“Xitoy oddiy reaktiv dvigatel texnologiyasini eplay olmayapti. Ilg’or mudofaa texnologiyasini rivojlantirish uchun josuslik qilishga majbur bo’lyapti. Rossiyaning mudofaa byudjeti esa Amerikanikiga bas kelolmaydi”, - deydi mutaxassis.
Mavjud cheklangan ma’lumot asosida noma’lum uchoqlarning biror mamlakat texnologik yutug’i deyishga erta.
“Buyuk texnologik taraqqiyotni talab qilmaydigan holat bo’lishi ham mumkin. Biz kutmagan yoki payqamay qolgan holat. Agar bunga haqiqatan Xitoy, Rossiya yoki boshqa bir davlat aralashgan bo’lsa, razvedka xizmatlarimizning tasavvuri oqsayotganiga dalolat bo’ladi bu”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Todd Xarrison.
17 yil davomida to’plangan dalillardan iborat hisobotni tayyorlashga olti oy vaqt ketgan. Razvedka idoralari bu masalada yakuniy xulosaga kelgani yo’q. Uchoqlarga o’zga sayyoraliklarning aloqadorligiga dalil bo’lmasa-da, bu holat ham hisobdan chiqarilmayapti.
“Hukumatdagilar bilan suhbatlarimdan shuni bildimki, aniq xulosa chiqarishga vaqt, yetarlicha tahlil yo’q. Bu uzoq muddatli loyiha”, - deydi fon Rennenkampf.
Xitoy matbuotiga ko’ra, Pekin ham noma’lum uchar jismlarni o’rganarkan, ularni AQSh yaratganiga ishora qilmoqda.
Hukumat hisobotda keltirilgan 144 ta “noma’lum havo hodisa”sidan 143 tasini tushuntirib berishga ojizlik qilarkan, bir holatda havosi chiqib uchib ketayotgan shar bo’lgani ma’lum.
Hisobot hukumat va jamoatchilikni qiynayotgan va qiziqtirayotgan ko’plab savollarga javob bermasa-da, bir narsa hammaga ayon – bu uchar jismlar AQSh havo hududida uchayotgan samolyotlar uchun xavfsiz emas.
Facebook Forum