Uyg'urlar Vashingtonda Xitoy va Tailand siyosatiga qarshi namoyish qildi


Vashingtondagi Tailand elchixonasi yonida namoyish, 12-iyul, 2015-yil

Vashingtondagi uyg'ur jamoasi millatdoshlarining Tailanddan Xitoyga deportatsiya qilinganidan norozi bo'lib, kecha namoyish qilgan. Ular nazarida Xitoyga qaytarilgan uyg'urlarga zulm o'tkaziladi.

Tailand hukumati mamlakat janubidagi junglilarda o'tgan yili topilgan 400 uyg'urdan 109 nafarini o'tgan hafta Xitoyga deportatsiya qildi. Pekin ularning ayrimlarini terror harakatlarida ayblaydi. Uyg'ur faollari millatdoshlari Xitoy hukumati zulmidan Tailand orqali uchinchi mamlakatga qochmoqchi bo'lganini aytadi. Rasmiy Pekin esa ularni Turkiya orqali Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qo'shilmoqchi bo'lganlikda ayblaydi.

Uyg'ur-Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoff ba'zi uyg'urlar jangarilar safiga qo'shilishi mumkinligini inkor etmadi, ammo bu bilan butun xalqqa zulm qilmaslik kerak, dedi u.

Turkiya hukumati Tailand bilan uyg'ur migrantlarining taqdiri yuzasidan muzokara qilib, 173 nafarini - asosan ayollar va bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Bangkokning ma'lum qilishicha, migrantlarning Xitoydan ekani aniqlangach va Pekindan ularga zulm qilinmasligi haqida kafolat olingach, 109 uyg'urni Xitoyga qaytarishga qaror qilindi. Anqara Tailandning bu qarorini qoralab, xalqaro gumanitar qonunlarga xilof ekanini e'tirof etdi.

Olim Seytoffning aytishicha, Tailand Xitoy bosimi ostida qoldi.

Xitoy o'z navbatida Turkiyani uyg'urlarga qalbaki pasportlar tarqatib, bu xalq vakillari hisobiga "Islomiy davlat" saflarini to'ldirishga harakat qilayotganlikda aybladi.

"Terrorchilarga odamlar kerak va ular har biri uchun ikki ming dollardan pul to'lamoqda", - deydi "Faynenshl tayms" (Financial Times) gazetasiga Xitoy Ijtimoiy xavfsizlik vazirligi rasmiysi Ton Bishan.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar ham Tailandning uyg'urlarni deportatsiya qilish qarorini qoralab, Xitoyda ular qiynoqqa solinishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Vashington va uning atrofida yashovchi uyg'urlar kecha Tailand elchixonasi yonida norozilik namoyishi uyushtirdi.

Tadbirda ko'plab yoshlar ishtirok etdi. Ulardan birining aytishicha, Xitoyda uyg'urlar kundalik hayotda kamsitiladi, ta'qib etiladi.

"Xolam shu oy biznikida mehmonda bo'lib, Urumchiga qaytganidan keyin uni qamab qo'yishdi. Hech bir sababsiz. Faqat uyg'ur bo'lgani uchun. Xitoy bizni terrorchi deb o'ylaydi", - deydi Muyassar Ahmet.

Namoyishchilar yurishni shahar markazidan boshlab, Xitoy va Tailand hukumatlariga qarshi xitoblar bilan Tailand elchixonasigacha to'rt kilometr bosib o'tdi. "Xitoy - terrorchi", "Si Zinpin - terrorchi", "Tailand hukumatiga uyat", "Uyg'urlarga mustaqillik" xitoblari yangradi.

Uyg'ur faollaridan birining namoyishda so'zlashicha, Tailanddagi uyg'ur qochqinlari xarob ahvolda saqlangan, ayrimlari hatto vafot etgan.

Namoyishda ozarbayjonliklar, turklar, qozoqlar ham qatnashib, uyg'urlar bilan birdam ekanini aytdi.

"Biz Ozarbayjon turklari sharqiy turkistonlik turk qardoshlarimizni qo'llab-quvvatlash uchun chiqdik. Sharqiy Turkiston 1949-yilda kommunistik Xitoy nazoratiga o'tganidan shu kungacha bo'lgan davr ichida qardoshlarimizning qanday hayot kechirayotgani hammaga ma'lum. Ammo so'nggi paytlarda ularga nisbatan zulm kuchaydi. Biz bunga befarq bo'lmadik va turk birligi uchun namoyishga chiqdik", - deydi Amerikada yashovchi ozarbayjonliklar jamoasi vakili Zaur Bayramli.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG