Breaking News

Ukrainada yangi parlament Zelenskiyga xayrixoh bo'ladi


Ukrainada muddatidan erta o’tgan parlament saylovlarida Prezident Vladimir Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi eng ko’p ovoz oldi. 21-aprel kuni saylangan davlat rahbari qasamyod marosimida Oliy Radani tarqatish qarori haqida e’lon qilgan edi.

Xalqaro hayot - 22-iyul, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:00 0:00

So’nggi salkam uch oy ichida eski parlament Zelenskiyning birorta qonun loyihasini qo’llab-quvvatlamadi. Biroq endi Oliy Radada ko’pchilikni qo’lga kiritgan partiyadoshlari unga aksariyat tashabbuslarini amalga oshirishga yordam beradi.

Zelenskiy xalqning korrupsiyaga botgan hukumatga ishonchini hamda sharqda rus millatiga mansub aholi bilan aloqani tiklashga so’z berdi. Bundan keyin siyosat oldingiday yuritilmaydi, dedi u.

“Siyosatga faqat yangi odamlar keladi. Eski siyosatchilarning birortasi bilan hamkorlik qilishimizga ko’zimiz yetmaydi”, - dedi u.

"Elza okeani" rok gruppasining lideri, taniqli xonanda Svyatoslav Vakarchuk asos solgan "Golos" partiyasi ham saylovda yaxshi natija ko’rsatdi.

“Men kelajak uchun ovoz berdim, yangi siyosat uchun ovoz berdim, chunki eski siyosat natijalarini so’nggi 28 yilda ko’rib bo’ldik. Barcha ukrainaliklar ulardan bezor, o’zgarishlar vaqti keldi”, - dedi Vakarchuk.

Sobiq prezident Petro Poroshenkoning partiyasi marraga uchinchi keldi.

“Yevropa Ittifoqi va NATO har bir ukrainalikning xavfsizligi va farovonligi kafolatidir”, - dedi Poroshenko.

Ukrainaning isyonchilar nazorat qilayotgan sharqiy hududlarida yashovchi aholining bir qismi ikki hududni ajratib turuvchi kulrang zonada tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berdi.

Mahalliy saylovchilardan birining aytishicha, nazorat punktlaridan o’tish oson bo’lmadi.

Poytaxt Kiyev aholisi urushdan charchaganmiz, tinchlik uchun ovoz berdik, deydi.

“Hayot va tinchlikni targ’ib qilgan nomzodlarni qo’llab-quvvatlayman”, - deydi ulardan biri.

Xalqaro kuzatuvchilar jarayon umuman olganda silliq o’tganini ta’kidlab, saylovchilar orasida odatdagidan tashqari shijoat sezilganini aytdi.

“Ular prezident bergan va’dalarining ustidan chiqishiga umid qilmoqda”, - deydi AQSh Milliy demokratik institutidan Odri Glover.

Biroq hamma ham umidvor emas.

“Xalq xizmatkori” Poroshenko partiyasidan ancha yaxshiroq ishlaydi deb o’ylamayman. Ko’p gapirishadi, umidlantirishadi, ammo aslida nima bo’lishini hech kim bilmaydi”, - deydi kiyevlik nafaqaxo’r Raisa Medenseva.

Saylovlarda saylovchilarning deyarli yarmi qatnashgan. Oliy Radaga jami beshta partiya kirgani ma’lum. Yangi bosh vazir g’olib partiyadan bo’ladimi, “Xalq xizmatkori” yangi hukumatni o’z a’zolari safidan tuzadimi yoki koalitsion hukumat bo’ladimi, bu savollarga javoblar shu hafta berilishi kutilmoqda.

Eslatib o’tamiz, Ukrainada yangi parlamentga qrim-tatar vakillaridan kamida uch nafari kirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG