Breaking News

Ukraina bir yo’lni tanlashi kerak – Rossiya yoki G’arb?


Sobiq ittifoqning yirik o’lkalaridan biri Ukraina chorrahada turibdi – Rossiya ta’siri doirasida qoladimi yoki Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani tanlaydimi? Kiyev kelasi oy oxirigacha bir qarorga kelishi kerak.

Prezident Vladimir Putin Rossiya va qo’shni Ukrainani bir xalq deya ta’riflaydi.

O’tgan oy Valday xalqaro klubining yillik majlisida so’zlar ekan, Putin Ukraina bilan an’analarimiz, fikrlashimiz, tariximiz va madaniyatimiz bir, tilimiz ham yaqin, deb ta’kidladi.

Bu so’zlar aynan hozir yangrayotgani bejiz emas. Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimi imzolash arafasida. Ammo ular oldida boshqa bir yo’l ham bor – Putinning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilish.

Ukrainadagi barcha yirik partiyalar G’arb bilan yaqinlikni ma’qul ko’rar ekan, Rossiya siyosiy-iqtisodiy oqibatlar haqida ogohlantirib qo’ymoqda. Kreml yaqinda boj nazoratini kuchaytirdi. Gaz narxini keskin oshirishi ham tayin. Qolaversa, Ukrainaning ruslar yashovchi hududlari ajralib chiqib, Rossiyaga qo’shiladi degan vahimali gaplar ham yangrayapti.

Siyosatshunos Oleksiy Haran so’zlariga ko’ra, bu qo’rqitishlar bilan Kreml o’ziga do’st orttirmaydi.

“Ukraina elitasi, jumladan prezident Viktor Yanukovich, Rossiya soyasida yashashni istamaydi va buning xavfini ham tushunadi”, - deydi u.

Ayni vaqtda Ukrainaning Yevropa bilan aloqalari yo’lida to’siq bo’lib turgan boshqa bir masala bor, u ham bo’lsa muxolifat yetakchisi Yuliya Timoshenkoning qamoqda qolayotganidir.

2005-yilgi saylovda Yanukovich Timoshenko koalitsiyaga kichik farq bilan boy bergan. 2010-yilgi prezident saylovlarida esa u kichik farq bilan g’alaba qilgan edi. Oradan bir yil o’tib, sobiq bosh vazira tovlamachilik va vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, yetti yilga qamaladi.

Yevropa Ittifoqi shart qo’ymoqda: Timoshenkoni ozod eting yoki savdo bitimiga qo’l qo’ymaymiz. Germaniya unga siyosiy boshpana berishga rozi, Timoshenko ham ketishga tayyor.

Lekin Yanukovichning xavotiri shuki, muxolifatchi 2015-yilgi prezident saylovlarida qatnashish uchun Ukrainaga yana qaytishi mumkin.

Prezident, deydi Oleksiy Haran, Timoshenkodan qo’rqadi. “Agar u ozod etilsa, siyosiy maydonda u bilan bellashish va prezidentlikka harakat qilishi mumkin”.

Ayrim taxminlarga ko’ra, Ukraina rahbari Timoshenkoni avf etmay, tibbiy muolaja bahonasida Germaniyaga jo’natishi mumkin.

Bu masala hal etilmas ekan, Ukraina-Yevropa aloqalari oldinga siljishi qiyin, deydi tadqiqochi Oleksandr Sushko.

“Timoshenko ozod etilishiga hech qanday kafolat yo’q. Ko’rinishidan, muzokaralar Yevropa Ittifoqining kelasi oy Litvadagi majlisi boshlanguncha davom etadi”, -deydi Sushko.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG