Breaking News

Ukrainada harbiy safarbarlik e'lon qilingan


Ukraina harbiylari
Ukraina harbiylari
Rossiya parlamenti prezident Vladimir Putinga Qrimga askarlarni kiritishga ruxsat berganidan so’ng Ukraina hukumati zaxiradagi qo’shinlarni safarbarlikka chaqirgan.

Ukraina milliy xavfsizlik kengashi raisi Andriy Parubiyning aytishicha, harbiy mobilizatsiya Ukraina xavfsizligi va territorial daxlsizligini himoya qilish maqsadida e’lon qilingan.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenga ko’ra, alyans Ukraina xalqining o’z kelajagini mustaqil ravishda belgilash huquqini qo’llab-quvvatlaydi. Ukraina NATOning muhim sherigi va Rossiya mintaqada yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishi lozim, deydi Rasmussen.

Kecha AQSh prezidenti Barak Obama Putin bilan telefon orqali bir yarim soat gaplashib, vaziyat yuzasidan xavotirlarini bildirgan.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, Obama Rossiya Ukraina suvereniteti va xalqaro qonunni buzayotganini Putinga aytgan.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar shu yil Sochida o’tishi rejalangan Katta Sakkizlik sammitiga tayyorgarliklarni to’xtatishga qaror qilgan. Fransiya va Kanada ham Sochidagi tadbirda qatnashmasligi mumkinligini bildirgan.

Rus matbuotiga ko’ra, Putin Obama bilan suhbatda Rossiya Qrim va Ukraina sharqida yashovchi rus millatiga mansub aholini millatchi guruhlar hujumidan himoya qilishga haqli ekanini aytgan.

Obama ko’ra, muammoni Ukraina hukumati bilan yuzma-yuz yoki xalqaro kuzatuvchilar orqali hal etish mumkinligiga ishora qilgan.

Kecha AQSh davlat kotibi Jon Kerri Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov bilan telefon orqali gaplashgan.

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel esa Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan fikr almashgan. Xeygel Rossiya pozitsiyasini o’zgartirmasa, mintaqada beqarorlikka sabab bo’lishi va xalqaro sahnada yakkalanib qolishi mumkinligini aytgan. Unga ko’ra, vaziyat izdan chiqsa, Yevropa xavfsizligi ham tahdid ostida bo’ladi.

Bugun NATO ga a’zo mamlakatlarning alyansdagi elchilari Bryusselda to’planib, Ukraina mavzusini muhokama qildi. NATO-Ukraina komissiyasi ham majlis qilishi kutilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonlarni o’ylab ish tutishga chaqirgan.

Ukrainaning BMTdagi elchisi Yuriy Sergeyevning Xavfsizlik Kengashidagi yig’ilishda aytishicha, Rossiya o’z fuqarolarini himoya qilish bahonasida Qrimga 15 ming qo’shin kiritgan.

Rossiya elchisi Vitaliy Churkin G’arbni Ukrainadagi ahvolni keskinlashtirayotganlikda, bu mamlakat prezidenti Viktor Yanukovichga qarshi namoyishlarni qo’llab-quvvatlaganlikda aybladi.

AQSh elchisi Samanta Pauerga ko’ra, Rossiya harakati Ukraina bilan urushga sabab bo’lishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat Qrimdagi vaziyatni yumshatish uchun vositachi yuborishi kerak, deydi u.

Rossiya Qrimdagi qo’shinlari Ukraina bilan imzolangan bitim asosida Sevastopolda joylashgan Qora dengiz floti xavfsizligini ta’minlash uchun chora ko’rmoqda, deydi.

Qrim Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng mustaqil Ukraina tarkibiga kirgan. 1954-yilgacha Rossiyaning bir qismi bo’lgan yarimorol o’sha paytdagi kommunistik rahbar Nikita Xrushchev tomonidan Ukrainaga topshirilgan edi. Qrim aholisining aksariyati ruslar bo’lib, 15 foizini tatarlar tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG