Breaking News

NATO tashqi ishlar vazirlari Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi


NATO ga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda Ukraina masalasini muhokama qilmoqda, 1-aprel, 2014-yil
NATO ga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda Ukraina masalasini muhokama qilmoqda, 1-aprel, 2014-yil
Bugun Bryusselda NATO ga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Rossiyaning Ukrainaga doir siyosati va Qrim masalasini muhokama qildi. Ukraina o’tgan oy siyosiy inqirozga yuz tutgandan beri NATO vazirlari ilk bor uchrashgan.

Vazirlar Rossiya bilan harbiy va noharbiy hamkorlikni vaqtinchalik to'xtatishga kelishib oldi. Ular qo'shma bayonot chiqarib, Qrimning Rossiyaga qo'shilishini tan olmasligini va bu ishning noqonuniy ekanini bildirdi. NATO Ukraina bilan xavfsizlik va mudofaa bobida hamkorlikning kuchaytirilishi haqida ham ma'lum qildi.

Alyans Boltiqbo’yidagi a’zo davlatlar havo sarhadlari nazoratini kuchaytirgan, Qo’shma Shtatlar esa Ukrainaga chegaradosh Polsha bilan harbiy mashqlar rejalamoqda. Bugungi majlisda NATO mashg’ulotlarini uyushtirish va, hatto Sharqiy Yevropada doimiy bazalarni o’rnatish xususida ham gap ketishi mumkin.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri ikki kun oldin Parijda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Ukraina chegarasi bo’ylab rus qo’shinlarining tortilgani xususida xavotir bildirgan.

Kecha Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev federatsiyaga qo’shib olingan Qrimda bo’lib, vaziyat bilan tanishdi. Ukraina muvaqqat hukumati bugun bayonot chiqarib, Medvedevning safari diplomatik qoidalarga xilof deya, uni qoralagan. Rasmiy Kiyev AQSh va Yevropa Ittifoqi kabi Qrimdagi referendum natijalarini tan olmaydi.

Medvedev Qrimga Rossiya vazirlari bilan borib, yarimorol iqtisodiyotini yaxshilash yo’llari xususida fikr almashgan. Unga ko’ra, Qrim maxsus iqtisodiy zonaga aylantirilib, u yerga sarmoya kiritgan kompaniyalarga soliq imtiyozlari beriladi, mahalliy davlat xizmatchilarining maoshi oshiriladi.

Shanba kuni Bog’chasaroy shahrida Qrim tatarlarining qurultoyi bo’lib o’tdi. Unda delegatlar Qrimda o’z avtonomiyasiga asos solishga kelishib oldi. Qurultoyda Qrim tatarlariga tarixiy nomini qaytarish taklifi ham ovozga qo’yildi, ammo aksariyat vakillar “qrimli” so’ziga qaytishga erta ekanini aytib, taklifni rad etdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG