Breaking News

Ukraina urushining unutilgan asirlari


Donetsk shahri

Ukraina va Rossiya tinchlik muzokaralarini davom ettirish xususida muloqot qilarkan, Ukraina sharqidagi mojaro minglab oilalar hayotiga ta’sir qildi. Isyonchilar nazoratidagi hududlarda yuzlab odam ushlanib, josuslikda gumon qilingan. Qiynoqqa solishlar, qotilliklar haqida ma’lumotlar bor. “Amerika Ovozi” isyonchilar qo’liga tushgan bir odam oilasi bilan suhbatda bo’ldi.

Xalqaro hayot - 22-oktabr, 2019-yil - Ukraina urushining unutilgan asirlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00

Svetlana Timofeyeva turmush o’rtog’ini so’nggi bor salkam ikki yil oldin ko’rgan. U Aleksandrning qaytishini xudodan so’rab, har kuni ibodat uchun Kiyev tevaragidagi cherkovga qatnaydi.

Bu oila asli Donetsk shahridan. Aleksandr go’sht kombinatida bosh texnolog bo’lib ishlardi. 2014-yilda urush boshlanib, shahar isyonchilar qo’liga o’tdi.

Aleksandr oilasi bilan Kiyevga ko’chib ketadi, ammo 2017-yil dekabrida Yangi yil bayramini nishonlash uchun Donetskka qaytishganida uni ushlab, olib ketishadi.

“Ikki kundan keyin menga qo’ng’iroq qilib, erimni qo’yib yuborishlari uchun 20 ming dollar berishim kerakligini aytishdi”, - deydi Svetlana.

Ayol pul berishdan bosh tortadi. Sal o’tib erining isyonchilar qo’lida saqlanayotganini o’rganadi.

“Donetsk Xalq Respublikasi tashlandiq bir fabrika hududida konsentratsion lager yaratgan. Odamlarni u yerda noqonuniy ushlab turishadi, qiynoqqa solishadi. Erim ham o’sha yerda bo’lgan”, - deydi Timofeyeva.

Svetlanaga turmush o’rtog’i Ukraina foydasiga josuslik qilganini aytishadi, ammo ayol ishonmaydi. Isyonchilar uning o’g’lini olib ketmoqchi bo’lishganini bilganida Svetlana Donetskdan qochadi. Hozir u o’g’li va qariya onasi bilan Kiyev tevaragidagi kichik va ko’rimsiz bir kvartirada yashaydi.

O’tgan oy Svetlananing turmush o’rtog’i 14 yilga qamaldi. “YouTube”ga qo’yilgan videoda ozib ketgan, yuzlarida chandiqlar paydo bo’lgan Aleksandr Ukraina uchun josuslik qilganini tan oladi.

Yuristlarning aytishicha, u qiynoqlarga chidolmay aybiga iqror bo’lgan, matnni esa kamera yonidagi suflyordan o’qib bergan.

So’nggi haftalarda Ukraina va Rossiya tinchlik muzokaralari doirasida bir necha marta asir almashdi.

“Donbassning hukumat nazoratida bo’lmagan rayonlaridan ikki yilda hali birorta asir ozodlikka chiqmadi”, - deydi Svetlana Timofeyeva.

Ukraina erkin saylovlar evaziga sharqiy hududlarga muxtoriyat berishga tayyor. Svetlana Donetskka qaytib bormasligini aytadi.

“Putindan qo’shin yuborishni so’ragan bu odamlar oilamizga ko’p baxtsizlik keltirdi. Ular rus qo’shinlarini bu yerga yetaklab kelishdi. Urush boshlanganidan so’ng bir yil o’sha yerda yashadik, rus askarlarini ko’rganmiz. Donetskka qaytishni istamayman. Men bilgan Donetsk emas bu endi”, - deydi ayol.

Ertami-kech hududda tinchlik qaror topsa-da, ko’plab urush jabrdiydalari uchun hayot oldingiday bo’lmaydi endi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG