Breaking News

Ukraina ilk virus paydo bo'lishi bilan cheklovlar joriy etdi


Ukrainada koronavirusga qarshi karantin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:13 0:00

Ukraina 12-martdan boshlab koronavirusga qarshi karantin e’lon qilingan mamlakatlar qatoriga kirdi. Maktablar, o’rta va oliy ta’lim dargohlari uch haftaga yopildi.

Ommaviy tadbirlar o’tkazilishiga ham cheklov qo’yilgan, 200 kishigacha odam qatnashadigan tadbirlarga ruxsat hozircha bor. Sport bo’yicha musobaqalari esa faqat tomoshabinlar ishtirokisiz o’tkazilishi mumkin. Ukrainada karantin 3-aprelgacha amal qiladi, ammo hukumat vaziyatga qarab uning muddatini cho’zishi mumkin.

Ukrainada rasman koronavirusga chalingan bir kishi qayd qilingan, yana bir necha kishi karantinga olingan, ammo hozircha ularda infeksiya borligi tasdiqlanmagan.

Kiyev bir qarashda koronavirus vahimasidan xolidek ko’rinadi, shaharda xavfsizlik niqobi taqqan odamlar juda kam. Bu nafaqat shahar ko’chalarida, balki jamoat transportida ham ko’zga tashlanadi.

Ammo aholi orasida qo’rquv bor. Ko’pchilik virus mamlakatda qayd etilganidan ko’ra ko’proq tarqalgan degan xavotirda.

Ukraina aholisi so’nggi hisobotlarga ko’ra 35 millionga tushgan, bu aholisi 34 millionga chiqqan O’zbekistondagi ko’rsatkich bilan deyarli teng. O’zbekistonda hozirgacha rasman koronavirus qayd etilmagan, ammo xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda o’tkazilgan hukumat majlisida koronavirusga qarshi kurash choralarini kuchaytirishga, epidemiyaga tayyor turishga chaqirdi.

Mutaxassislar O’zbekiston virus tahdidi ostidagi mamlakatlardan biri sifatida qolayotganini ta’kidlashmoqda.

Koronavirus tahdidiga doir diqqatli xabarlardan biri virus o’chog’i sanalgan Xitoyda kasallikni yuqtirganlar sonida keskin pasayish kuzatilgani bo’ldi.

Ammo virus allaqachon dunyoning yuzlab mamlakatiga tarqaldi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kuni-kecha buni pandemiya deb e’lon qildi. Ayni paytda Yevropa qit’asi koronavirus o’chog’iga aylanib borayotgani kuzatiladi.

Ukraina virus keng tarqalgan Italiya bilan qatnovlarni bekor qildi. O’zbekiston ham kasallik keng quloch yozgan Yevropa davlatlaridan kelayotgan yo’lovchilarni 14 kunlik majburiy karantinga oladi.

Avvalroq kun isib, harorat ko’tarilishi bilan virus tarqalishi keskin pasayishi taxmin qilinayotgan edi, ammo hozircha bu taxminlar mutaxassislar tomonidan tasdiqlanmagan.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Ukrainada karantindagi fuqarolarning yana ikki nafarida koronavirus tasdiqlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG