AQSh Ukrainaga qurol-yarog’ yetkazish ustida o’ylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Ukrainalik askar

Kiyevdagi hukumat Ukraina sharqida bo’lginchilarga qarshi kurashar ekan, anchadan beri Vashingtondan qurol so’rab keladi. Kiyev va Vashington nazarida, Rossiya bo’lginchilarni qurol va askar bilan ta’minlamoqda. Oq uyning Ukraina bo’yicha maxsus elchisi Kurt Volker Rossiyaga safar qilishi kutilmoqda.

Sobiq Prezident Barak Obama Ukraina iltimosini qondirmagan edi, ammo yangi ma’muriyat eski siyosatdan qaytadigan ko’rinadi.

“Rossiya biz bilan Ukraina masalasida hamkorlik qilmadi. Demak, strategiyamizni qayta ko’rib chiqishimiz kerak. Ukraina xorijdan qo’shin so’rayotgani yo’q, faqat qurol” - deydi “Fianna Strategies” kompaniyasi tahlilchisi Molli Makkyu.

Yangi siyosat tarafdorlariga ko’ra, ayniqsa, Moskva Amerika diplomatlarini mamlakatdan quvishga qaror qilganidan so’ng Ukrainani qurollantirish to’g’ri javob bo’lardi.

Biroq bu reja tanqidchilari Ukraina sharqida vaziyat izdan chiqishi mumkinligidan, Rossiya qattiqroq javob berishi mumkinligidan xavotirda.

“Ukrainaga uzatilayotgan yordamni qayta ko’rib chiqish kerak. Jang maydonida yirik to’qnashuvlar ortda qoldi, shu sabab qisqa muddatli janglarni o’ylab reja qilmaslik lozim. Aksincha, Ukraina armiyasining o’rta va uzoq muddatdagi ehtiyojlaridan kelib chiqishimiz zarur”, - deydi tahlilchi Maykl Kofman.

AQShning Ukraina bo’yicha maxsus vakili Kurt Volker o’zgacha fikrda. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Ukrainani qurollantirsa, Rossiya javob bermaydi.

"Ba’zilar Kieyvga qurol uzatsak, Rossiya chora ko’rishga majbur bo’ladi yoki Kiyev jangga kirishadi, deb xato fikrlaydi. Shuni unutmaslik kerakki, Rossiya Ukrainaga kirib bo’lgan, ko’plab yaxshi qurollangan askarlari bor u yerda. Rossiya-Ukraina chegarasida ham katta kuch safarbar qilgan”, - deydi Volker.

Bu masala AQSh diplomatining Moskvaga tashrifi chog’ida muhokama etilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG