Breaking News

Ukrainaning Xitoy bilan yaqinlashuvi AQSh bilan aloqalariga zararmi?


Ukraina va AQSh tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda, 5-avgust, 2021-yil
Ukraina va AQSh tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda, 5-avgust, 2021-yil

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ko’rishib, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uyga bo’lajak tashrifiga tayyorgarliklar xususida gaplashgan.

Ukrainaning Xitoy bilan yaqinlashuvi AQSh bilan aloqalariga zararmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:24 0:00

“Biz prezidentimizning tashrifi samarali bo’lishini istaymiz, ko’p masalalarda kelishishga umid qilyapmiz, munosabatlarimizni keyingi bosqichga olib chiqmoqchimiz”, - dedi Ukraina vaziri.

Blinken bu mamlakatga Rossiyadan himoya va madad taklif etdi.

“Qo‘shma Shtatlar Ukraina mustaqilligi va suvereniteti, hududiy daxlsizligiga sodiqdir. Bu boradagi tahdidlar xususida gaplashib, Ukraina tashqi bosqindan o’zini himoya qila olishi uchun unga yordam beribgina qolmay, demokratiyasi va iqtisodiyotini yanada kuchaytirish kabi o’ta muhim jarayonga ham urg’u beramiz”, - dedi Blinken.

O’tgan oy Xitoy Ukraina bilan yo’llar, ko’priklar va temir yo’llar qurilishi bobidagi hamkorlik, ikki mamlakat kompaniyalari va moliyaviy institutlarini bu ishga jalb qilish haqida e’lon qildi.

Bundan bir necha kun oldin Ukraina BMTda Shinjonda uyg’urlarga qarshi zulm holatlarini tergov qilishga qaratilgan qo’shma bayonotga xayrixohligidan to’satdan voz kechdi.

Ukraina Xitoy bilan aloqalarini yaxshilash jarayonida G’arb bilan integratsiyadan uzoqlashmoqdami?

“Siyosatimiz o’zgargani yo’q. Biz G’arb dunyosining bir bo’lagimiz. Dunyoning bir bo’lagi sifatida rivojlanyapmiz. Xitoy bilan savdo yuritish bu obyektiv haqiqat. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga nisbatan prinsipial xavfsizlik siyosatini yuritayotgan bo’lsa-da, savdo masalalari o’z yo’liga. Xitoy bilan aloqalarimiz ana shu modelga ko’ra rivojlanmoqda”, - dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri.

Ayrim tahlilchilar nazarida, Ukrainaning Xitoy bilan yaqinlashuvi hali salbiy aks-sado beradi.

“AQShdagi ayrim siyosatchilar bundan norozi. Ukraina Xitoydan ko’ra Vashingtonga ko’proq muhtoj. Pekin Kiyevga mukkasidan ketib yordam bermaydi”, - deydi Vashingtondagi Tashqi siyosatni o’rganish institutidan Stiven Blank.

Ba’zilarga ko’ra, Xitoyning Ukrainaga sarmoyalari va koronavirusdan vaksinalari hamda Kiyevning uyg’urlarga nisbatan qatag’onlarga munosabatidagi o’zgarish o’rtasida bevosita bog’liqlik bor.

“Buni Ukrainaning Xitoyda uyg’urlarga nisbatan qatliomga doir pozitsiyasida ko’rdik. Xitoyning u yerdagi harakatlari bugun dunyoda ro’y berayotgan inson huquqlariga qarshi eng katta tajovuzdir. Ukraina esa o’zi uchun ancha foydali biznes munosabatlarni saqlab qolish maqsadida Xitoyni bu masalada tanqid qilayotgan guruhga qo’shilishni istamadi”, - deydi “Atlantika kengashi” tahlilchisi Jon Xerbst.

Yana ba’zi ekspertlarga ko’ra, Kiyev Vashingtonning Germaniyani “Shimoliy oqim-2” quvuri loyihasidagi ishtirokidan qaytara olmayotganidan norozi. Ukraina Rossiya gazini Yevropaga uzatishga qaratilgan bu loyihaga qarshi.

“Ukraina Xitoy bilan savdo aloqalarini kuchaytirish orqali AQShga o’z noroziligini namoyish etmoqda. Ammo nazarimda bu Ukraina uchun xavfli o’yin. Kiyev dunyo bo’ylab inson huquqlariga doir har qanday tajovuzlarga qarshi chiqishi kerak. Axir AQSh Ukraina sharqidagi bosib olingan hududlarda Ukraina fuqarolari huquqlarining poymol etilishiga qarshi chiqyaptiku!” – deydi “Atlantika kengashi”ning yana bir tahlilchisi Mark Simakovskiy.

Aksariyat ekspertlar Xitoyning infratuzilma loyihalari uchun berayotgan kreditlari va vaksinalari bu mamlakat geosiyosiy strategiyasining bir qismi ekaniga shubha qilmaydi. Pekin vaksina diplomatiyasi, ya’ni vaksina evaziga siyosiy bosim qo’yish siyosatini yuritayotganini inkor etadi.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, insonlar hayotini saqlashga qaratilgan vaksinalardan siyosiy vosita sifatida foydalanmaslik kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG