BMT rahbarining Markaziy Osiyodagi muzokaralarida suv masalasi ko'tarildi


Orol dengizining bugungi ahvoli

Markaziy Osiyo bo`ylab safar qilgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 13-iyun kuni Turkmanistonda bo`ldi. Ashgabatdagi konferensiyada mintaqa tashqi ishlar vazirlari ham ishtirok etdi. BMT suvdan foydalanish masalasida xalqaro konvensiya imzolash taklifini olg'a surmoqda.

Tojikiston jadal sur'atlar bilan Rog`un GESini qurayotganiga, Qir`giziston esa Qambarota qurilishi uchun homiylar izlashda davom etayotganiga qaramasdan O`zbekiston tomoni suvdan foydalanish masalasidagi ijobiy siljishlar yuz berayotgani haqida gapirmoqda.

O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning televideniyega bergan intervyusiga ko`ra, BMT Bosh kotibi Markaziy Osiyo bo`ylab safari davomida mintaqa yetakchilari bilan suvdan foydalanish masalasini tilga olib, Sirdaryo va Amudaryo maqomiga doir xalqaro konvensiya imzolashni taklif qilgan.

“BMT tomonidan Amudaryo va Sirdaryo bo`yicha ikkita jiddiy konvensiya tayoralangan va tarqatilgan. Janob Guterrish Qozog`istonda bo`lib shu masala yuzasidan muzokara o`tkazdi, Samarqandda bo`ldilar, bizdan keyin Qirg`izistonga ketdi, keyin Tojikiston, Turkmanistonda bo`ladi. Har bir davlatdagi uchrashuvda bu masala BMT tomonidan ko`tariladi, muzokaralar o`tkaziladi. Bu ikki konvensiyani amalga oshirish uchun BMT mintaqa davlatlari bilan ishlashga tayyor. Bu juda yaxshi qadam, chunki bu masala 20-25 yildirki kun tartibida bor, lekin hozirgacha biror siljish, ijobiy natija kuzatilmagan”, - dedi Abdulaziz Komilov BMT Bosh kotibining O`zbekistonga tashrifi yakunlari haqida.

BMT Bosh kotibi 10-iyun kuni Samarqandda O`zbekiston prezidenti bilan muzokaralar o`tkazgan edi. U shundan so`ng Qirg`izistonda prezident Atabmayev, Tojikistonda prezident Rahmon bilan uchrashdi, Antoniu Guterrish 13-iyun kuni Turkmanistonga safarini boshladi. Prezident Berdimuhammedov bilan muzokara o`tkazgan Bosh kotib Markaziy Osiyo va BMT hamkorligiga oid xalqaro konferensiyada ham qatnashgan.

Mintaqa tashqi ishlar vazirlari ishtirok etayotgan bu anjumanda BMT tomonidan olg'a surilayotgan terrorizmga qarshi global kurash dasturi bo`yicha hamkorlik muhokama qilingan.

Komilovning aytishicha, konvensiya O`zbekiston tomonidan qo`llab-quvvatlanmoqda. Qo`shni Qozog`iston va Turkmaniston pozitsiyasi O`zbekistonga yaqin, Mirziyoyev suv masalasini Nazarboyev va Berdimuhammedov bilan muhokama qilgan edi.

So`nggi paytda O`zbekistonning Tojikiston va Qirg`iziston bilan iliqlashib borayotgan aloqalari ortidan Mirziyoyev bu qo`shnilarning ham pozitsiyasida o`zgarish bo`lishiga umid qilayotgandek ko`rinadi.

Ziddiyatga sabab bo`lgan Rog`un va Qambarota GESlari qurilishi bu muzokaralarda qanday muhokama qilingani mavhum. BMT konvensiyalari jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgani ham ma`lum emas.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko`ra, mohiyat Amudaryo va Sirdayo suvini Orol bo`yigacha yetkazishga qaratilgan bo`lishi mumkin.

“Bu konvensiyaning mazmun-mohiyati bilan tanish emasman, ammo taxmin qilish mumkinki, konvensiya Amudaryo va Sirdaryo suvlarini imkon qadar Orol dengizigacha yetkazish va shu orqali ekologik fojea oqibatlarini yumshatishni nazarda tutadi. Ammo bu konvensiya muammoli savollar uyg'otayotganini ham ta`kidlash kerak. Ziddiyat suv beruvchi va uni qabul qiliuvchi davlatlar o`rtasida. Tojikiston, Qirg`iziston ham nisbatan qashshoq, aholisi o`sib borayotgan davlatlardan. Ularda suvga davlat resursi sifatida qarash shakllanib bo`ldi. Shuning uchun bu konvensiya qanchalik ular tomonidan qo`llanadi, degan savol ko`ndalang turaveradi. Qolaversa, konvensiya imzolangan taqdirda ham, bajarilishi majburiy emas. Xavfsizlik kengashining qarori bo`lmasa. Ammo BMT tomonidan Orolbo`yi muammosiga diqqat qilinayotgani o`zgarishlar yasashga turtki berishi mumkin”, - deydi Rabbimov.

O`zbekiston tomoni Tojikiston Rog`unni , Qirg`iziston Qambarota GESini qurishiga qarshilik bildrib kelgan, to`g`onlar suv tanqisligini yanada kuchaytiradi, degan firkda. Bundan qat`i nazar, Tojikiston “Rog`un” qurilishini boshladi, Toshkent buni sukut bilan qarshiladi. Komilov intervyusida ham bu haqda hech narsa deyilmadi.

“O`zbekistonda hokimiyat almashishidan so'ng bu boradagi pozitsiya ro`kach qilinmayapti, xolos. Lekin Komilovning chiqishidan shu narsani anglash mumkinki, O`zbekiston Amdudaryo va Sirdaryo o`zanlarida suv ko`payishi tarafdori. Bu GESlarning suv oqimiga ta'sir qilmasligi yoki ularni qurmaslikni nazarda tutadi. Munosabat ancha yumshagan, ammo mohiyat o`sha, suv kamayishi Orol dengizi fojeasining miqyosini yanada kengaytiradi, degan pozitsiya”, deydi Rabbimov.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo bo`ylab safarini Turkmaniston uchrashuvlari bilan yakunlagan. Bosh kotibning mintaqa bo`ylab olib borgan muzokaralari Dushanbe va Boshkekning suv masalasidagi pozitsiyasida qanday o`zgarishlar qilishi hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG