Breaking News

Madridda iqlim o'zgarishiga doir BMT anjumani boshlandi


BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish

Ispaniyada iqlim o’zgarishiga bag’ishlangan 10 kunlik xalqaro anjuman bo’lib o’tmoqda. Shvetsiyalik o’smir faol Greta Tunberg ham 25 ming ishtirokchi qatorida tadbirda qatnashmoqda. 16 yashar Tunberg mamlakatma-mamlakat kezib, rahbarlarni iqlim o’zgarishiga qarshi og’izda emas, amalda kurashishga chaqirmoqda.

Madridda iqlim o'zgarishiga doir BMT anjumani boshlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

“Hokimiyatdagi odamlar, siyosatchilar yaxshi ko’rinish uchun men va boshqa faollar bilan selfi tushishni so’rab, “biz sayyoramiz haqida, bo’lajak avlodlar va hozirgi yoshlar haqida qayg’uryapmiz” deb aytadi bizga”, - deydi u.

Yoshlar ko’cha namoyishlarida ayniqsa faol; toza energiyaga o’tishni, sayyoraga zarar yetkazuvchi chiqindilarni kamaytirishga chaqiruvchi siyosat tatbiq etilishini talab qilmoqda.

“Biz, yoshlar, tug’ilganimizdan beri iqlim o’zgarishi muammosi bilan yuzlashamiz”, - deydi toza energiya ishlab chiqaruvchi kompaniya xodimi Riyota Nagashima.

Ispaniyada o’tayotgan tadbir BMT doirasida iqlim o’zgarishiga doir uyushtirilayotgan 25-anjumandir.

“Yoshlar yetakchilik va safarbarlik bobida ajoyib natija ko’rsatmoqda”, - deydi BMT bosh kotibi.

Guterrish siyosiy rahbarlarni shijoatsizlikda aybladi.

“Siyosatchilarda karbonat angidrid chiqaruvchi korxonalarga jarima solishga, qazilma yoqilg’ini subsidiya qilishni bas qilishga, 2020-yildan boshlab ko’mirda ishlaydigan issiqlik elektrostansiyalari qurishni to’xtatishga, soliqni odamlarga emas, atrof-muhitni zararlantirayotgan korxonalarga solishga siyosiy iroda yo’q. Qazish va burg’ulashni to’xtatishimiz kerak. Yangilanuvchi energiya manbalari imkoniyatlaridan, tabiat taklif etayotgan yechimlardan foydalanishimiz kerak”, - dedi Guterrish.

Aksariyat davlat rahbarlari ekologiya va uning muhofazasi haqida ko’p gapirsa-da, amalda deyarli hech narsa qilingani yo’q. Iqlim o’zgarishini inson faoliyati bilan bog’lashdan bosh tortib kelayotgan AQSh Prezidenti Donald Tramp esa ko’mir va atmosferani ifloslantiruvchi boshqa sanoatlarni qo’llab-quvvatlab keladi. Guterrish harakatsizlik qimmatga tushishini eslatdi.

“Iqlim o’zgarishi inqiroziga jahon miqyosida yuz tutyapmiz. Harakat qilmasak, juda kech bo’ladi. Salbiy jarayonlarni ortga qaytarib bo’lmaydi keyin”, - dedi bosh kotib.

Guterrishning aytishicha, dunyo olimlari iqlim o’zgarishiga qarshi kurash rejasini tuzgan va unga amal qilish kerak. Ya’ni global haroratning Selsiy bo’yicha 1,5 darajadan ko’pga oshmasligini ta’minlash, 2050-yilgacha karbonat angidrid chiqaruvchi sohalarda toza energiyaga o’tish va 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilari miqdorini 2010-yilgi ko’rsatkichga nisbatan 45 foizga tushirish zarur.

Guterrish davlatlarni ana shu maqsadlar yo’lida konkret choralar ko’rishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG