Breaking News

BMT va Yevropa Ittifoqi Suriya tinchlik jarayonini jonlantirishga harakat qilmoqda


Belgiya poytaxti Bryusselda 85 davlat vakillari va tashqi ishlar vazirlari Suriya mojarosiga siyosiy yechim topish maqsadida ikki kunlik anjumanga to’planmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan o’tkazilayotgan tadbirda Suriyaga gumanitar yordam yuborish hamda Jeneva tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlash haqida gap ketadi.

Suriya hukumati Rossiya va Eron yordamida shahar va qishloqlarni isyonchi va terrorchilardan birin-ketin ozod etarkan, hukumat muxolifat bilan ortiq muzokara qilishni istamasligi mumkin.

Isyonchilar poytaxt Damashqdan atigi ikki kilometr janubda joylashgan Hajar Asvad mahallasini, “Islomiy davlat” jangari to’dasi va boshqa jihodchi guruhlar esa Damashq markazidan sakkiz kilometr naridagi falastinlik qochqinlar yashovchi Yarmuq lagerini nazorat qilmoqda. Bu ikki hududda minglab tinch aholi yashaydi.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi matbuot kotibi Kris Gannes Yarmuqdagi vaziyatni shunday ta’riflaydi:

“Hududda qattiq janglar kechmoqda, hukumat havodan o’q yog’diryapti, odamlar hayoti xavf ostida. Lagerda ijtimoiy infratuzilma barbod bo’lgan, u yerdagi so’nggi kasalxona ishdan chiqgan”, - deydi Gannes.

Yetti yil oldin boshlangan, salkam 400 ming odamning yostig’ini quritgan, 12 million kishini uyidan ayirgan mojaroning keti ko’rinmaydi.

Bryusseldagi anjuman “Suriya va mintaqa kelajagini qo’llab-quvvatlash” deb nomlanadi. BMT homiyligida Jenevada o’tgan tinchlik muzokaralari to’xtab qolgan. Rossiya Eron va Turkiya ishtirokida avval Ostonada, so’ng Sochida muzokaralar uyushtirgan.

“Bu ko’plab tomonlarni to’playotgan ilk yirik xalqaro anjumandir. BMT va Yevropa Ittifoqining raisligi siyosiy yechimni topishga yo’l beruvchi ajoyib imkoniyatdir”, - deydi Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini.

Anjuman homiylariga ko’ra, urushni harbiy yo’l bilan tugatib bo’lmaydi. Biroq muzokaralarning jonlanishiga umid deyarli yo’q, deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Lina Xatib.

“Vashingtonning siyosiy irodasisiz anjuman ish bermaydi, mojaroga yakun yasab bo’lmaydi”, - deydi u.

Xatibga ko’ra, G’arb davlatlari Rossiyaga bosim qo’yishi kerak.

“Jeneva jarayonidan BMTning Rossiya oldidagi ojizligini ko’rdik. Dunyodagi yagona qudratli davlat bo’lgan Amerikagina Rossiyaga bosim qo’ya oladi, uni siyosiy yechim tomon qadam qo’yishga majburlay oladi”, - deydi londonlik ekspert.

BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura anjumandan ko’p narsalarni kutyapti.

“Yaxshi kunlarni ham ko’rdik, yomon kunlarni ham. Jarayonni jonlantirishga yangi harakatga qo’l uryapmiz”, - deydi u.

Suriya mojarosini hal qilishga BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari orasidagi kelishmovchiliklar halaqit bermoqda. Ular o’zaro kelishmas ekan, siyosiy yechimga hali beri erishib bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG