Breaking News

AQSh Rossiyaning Malayziya samolyoti halokatiga doir BMT rezolyutsiyasiga vetosidan g'azabda


Belgiya, Avstraliya, Niderlandiya, Malayziya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari, Nyu-York, 29-iyul, 2015-yil
Belgiya, Avstraliya, Niderlandiya, Malayziya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari, Nyu-York, 29-iyul, 2015-yil

Qo'shma Shtatlar o’tgan yili Ukraina sharqida Malayziya havo yo’llariga qarashli yo'lovchi samolyot halokati bo'yicha aybdorlarni jazoga tortish uchun xalqaro tribunal tashkil etish to’g’risidagi Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga Rossiya veto qo’yganidan g’azabda.

“Odamlar bunda Rossiyaning qo’li borligini ko’rib, yo'lovchi samolyot urib tushirilgani va ko’plab oilalar bundan aziyat chekkani yuzasidan butun dunyo birlashsa, adolatni qaror toptirish barchamiz uchun birdek manfaatli ishga aylanadi”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Rossiya halokatga aloqadorlarni jazolash bo’yicha o’z rezolyutsiyasini taqdim etgan, ammo Boing halokati sababchilarini javobgarlikka tortish bo’yicha alohida jinoiy tribunal tashkil etilishiga qarshi chiqgan.

Bu esa shubhalarni oshiradi, deydi Pauer.

“Bu nafaqat Rossiyaning jinoyatga aloqadorligi va alohida tribunal tashkil etilishidan nega qo’rqayotgani haqida, balki Xavfsizlik Kengashining davlatlar chegaralarini muqaddas deb sanovchi va mamlakatlarni qo'shni davlatlarni hurmat qilishga chaqiruvchi BMT nizomini qanchalik ijroga keltira olishi yuzasidan savollar tug'diradi”, - deydi Amerika diplomati.

Xalqaro tribunal tashkil etish tashabbusi bilan Malayziya, Niderlandiya, Avstraliya, Ukraina va Belgiya chiqgan. 29-iyul kuni o’tgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig’inida shu davlatlar tashqi ishlar vazirlari ham ishtirok etdi.

Kremlga ko’ra, avvalo, Niderlandiya yetakchiligida boshlangan xalqaro tekshiruv natijalarini kutish kerak. Bu boradagi so’nggi hisobot oktabr oyida e'lon qilinadi.

2014-yil 17-iyulda Malayziya havo yo’llariga qarashli “MH17” reysi bo'yicha Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan samolyot ukrainalik isyonchilar nazoratidagi hudud uzra urib tushirilgan edi. Samolyotdagilarning barchasi nobud bo'lgan, 298 odamning uchdan ikki qismi niderlandiyalik bo’lgan.

Ukraina va G’arb nazarida, samolyotni Rossiya harbiylari yoki isyonchilar urib tushirgan. Kreml har ikki iddaoni ham inkor qiladi.

Rossiya olg’a surgan da’voga ko’ra, havo layneri Ukraina qiruvchi samolyoti otgan raketadan qulagan.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin Xavfsizlik Kengashida ukrainalik hamkasbiga murojaat etarkan, Ukraina hukumati xalqaro samolyotlarni nega mojaro zonasiga yo'llaganini va harbiy dispetcherlar orasidagi so'zlashuv qachon e'lon qilinishini izohlashni so'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG