Breaking News

BMT AQShda migrantlar g'ayriinsoniy sharoitda saqlanayotganidan taassufda


Texas shtatidagi hibsxonalardan biri
Texas shtatidagi hibsxonalardan biri

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bashelet AQSh janubiy chegarasida ushlangan qochqinlar va migrantlarning saqlanish sharoitlarini “g’ayrinsoniy” deya qoraladi. Biroq Tramp ma’muriyati hibsxonalarda shifokorlar soni ko’paytirilganiga ishora qilib, ahvol ancha yaxshilanganini aytmoqda.

BMT rasmiysi Texasdagi hibsxonalarda saqlanayotgan migrantlar ahvolidan xavotir bildirdi.

“AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bolalar va kattalarning saqlanish sharoiti yaxshi emasligini o’zi tan olgan”, - deydi Oliy komissariat matbuot kotibasi Ravina Shamdasani.

Vazirlik yaqinda shu haqda hisobot e’lon qilgan.

“Hisobotda keltirilgan tasvirlar hibsxonalardagi ahvolni yaqqol ko’rsatgan, muassasalarning haddan tashqari to’lib ketganini ko’rsa bo’ladi, oilalaridan ajralgan bolalar ham bor. Oziq-ovqat va tibbiy yordam tanqisligi ham ko’rinib turibdi. Bolalarni hatto yaxshi sharoitda hibsxonada saqlash ularning sog’lig’i va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bunday ahvolda esa bundan battar bo’ladi”, - deydi BMT rasmiysi.

“Janubiy chegaramizdan 500 mingdan ziyod odam o’tgan. Aksar hollarda oilalar, qarovsiz bolalar va yolg’iz kattalar”, - deydi vaqtincha ichki xavfsizlik vaziri lavozimini bajarayotgan Kevin Makalinan.

Unga ko’ra, hibsxonalarda hozir ahvol ancha yaxshilangan.

“30-dekabrdan beri chegara bo’yidagi muassasalarimizda 20 ta shifokor bor edi, hozir 200 dan ko’p. Saqlanish sharoitlarini ancha yaxshiladik, shiftlar balandroq, bolalar va oilalarga joy ko’proq endi”, - deydi rasmiy.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati chegara xavfsizligi masalasi har bir davlatning ichki ishi ekanini tan olarkan, AQSh xalqaro qonunga rioya qilishi kerakligini eslatadi.

“Qo’shma Shtatlar migrantlar huquqlarini pisand qilmay ularni aniqlash, ushlash va zudlik bilan haydash bilan ovora. Ular bu bilan migrantlar oqimini kamaytirishga umid qilyapti, biroq shu bilan birga, davlat inson huquqlarini himoya qilish majburiyatlarini buzmoqda”, - deydi Ravina Shamdasani.

Yanvar oyidan beri Markaziy Amerikaning bir necha davlatidan AQShga kirgan 16 mingdan ziyod migrant qo’shni Meksikaga chiqarilib, boshpana haqidagi arizasi javobini o’sha yerda kutishga majbur.

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, ayrim migrantlar o’z mamlakatida misliz qashshoqlikda yashagan, ularning hibsxonalardagi sharoiti vatanidagi hayotidan ancha yaxshi va ular bundan mamnun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG