Breaking News

BMT: AQSh hukumati adolatni ta'minlasin


Irqchilikka qarshi namoyishlar, Vashington, 25-noyabr, 2014
Irqchilikka qarshi namoyishlar, Vashington, 25-noyabr, 2014

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi Qo'shma Shtatlar hukumatini politsiya sodir etgan huquqbuzarlik holatlari va jinoyatlarni izchil ko'rib chiqib, adolatni ta'minlashga chaqirmoqda. Xalqaro organ, shuningdek, Amerikani boshqa muammolarga ham jiddiy e'tibor qaratishga va ularni hal etishga undadi. Xususan, Guantanamo qamoqxonasini yopishga va o'lim jazosini bekor qilishga.

Missuri shtatining Ferguson shahrida avgust oyida 18 yoshli qora tanli Maykl Braun 28 yoshli oq tanli politsiyachi Darren Uilson tomonidan bir necha bor o'qqa tutulib, halok bo'lgan. Mahalliy adliya hay'ati bu ishni uch oy ko'rib chiqib, politsiyachini jinoiy javobgarlikka tortmaslikka qaror qildi.

Bu esa nafaqat Ferguson, balki Amerika va dunyo bo'ylab norozilik uyg'otdi. Ko'plab shaharlarda namoyishlar o'tdi, Fergusonning o'zida esa to'polon va to'qnashuvlar yuz berdi. Yuzlab odamlar hibsga olindi. Hafta boshida Fergusonda bir o'smir alanga ichida o'lgan. Buzg'unchilik sabab millionlab dollarga teng mol-mulk vayron bo'lgan.

BMT qo'mitasi fuqarolarni kamsitish, irqchilik va ozchilikdagi elatlarni hurmatsizlash jinoyat ekanini eslatmoqda. AQShda qurolsiz afro-amerikaliklarni otib o'ldirish hollari birinchi marta uchrayotgani yo'q, deya qayd etadi qo'mita.

10 a'zodan iborat organ nomidan gapirar ekan, Yens Nodvig, mustaqil ekspert, shunday deydi:

"Politsiya tinimsiz kuch ishlatgani haqida ma'lumotlarga egamiz. Tizim ozchilikdagi guruhlarni, qora tanlilarni nishonga oladi. Shu bois ham qo'mitamiz izchil tekshiruv va tergov qilishga undamoqda. Politsiya qo'lida xo'rlangan fuqarolar taqdiriga ahamiyat qarating. Haddan tashqari ko'p kuch ishlatilganiga ko'z yummang".

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi Amerikani 2006-yildan beri tanqid qilmagan edi. Organ 156 davlatdagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib keladi.

Vashingtonning terrorizmga nisbatan siyosati, Kubadagi Guantanamo qamoqzonasida saqlanayotgan mahbuslar ishi, qiynoqlar, qolaversa, hujjatsiz muhojirlarni hibsda saqlash kabi holatlar qoralangan. Bugun bu qamoqxonada 142 asir qolgan. Obama ma'muriyatini Guantanamoni yopishni istashini bildiradi, Kongressni bunga ruxsat bermayotganlikda ayblaydi.

BMT Amerikani o'lim jazosini bekor qilishga ham chaqirib keladi. 18 shtat va poytaxt Vashingtonda oliy jazo o'zgartirilgan. Biroq Texas va Oklaxona singari shtatlar hamon yiliga o'nlab insonlarni qatl etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG