Breaking News

Inson huquqlari bo'yicha BMT oliy komissarining O'zbekistonga ilk tashrifi


Zayd Raad Husayn, Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissari
Zayd Raad Husayn, Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissari

Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissari Zayd Raad Husayn O'zbekistonga tashrifi chog'ida matbuot anjumanida qisqa safar bo'yicha hisobot berdi.

BMT rasmiysi 10-may kuni Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 90 daqiqa muloqotda bo'lganini, ba'zi masalalar bo'yicha ikki tomonning qarashlari bir-biriga to'g'ri kelganini, uchrashuv davomida konkret choralar xususida kelishilganini ma'lum qildi.

Zayd Raad Husaynning aytishicha, undan oldin bu lavozimda ishlagan arboblar Markaziy Osiyoning to'rt respublikasida bo'lgan, biroq O'zbekistonga bora olmagan edi. Bu ilk tashrif. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissariati Bishkekda mintaqaviy idoraga ega, ammo shu kungacha faqat to'rt mamlakat bilan shug'ullana olardi.

"Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so'ng O'zbekiston bilan ham shug'ullanishga imkon tug'ildi", - deydi Husayn.

Unga ko'ra, O'zbekistonga qisqa tashrif davomida inson huquqlari bilan bog'liq barcha muammolarni muhokama qilish imkoni bo'lmadi.

BMT rasmiysi Oliy majlis spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan ham uchrashdi. Spikerning aytishicha, bundan keyin O'zbekistonda qabul qilinayotgan har bir yangi qonunning inson huquqlari bo'yicha xalqaro andozalar bilan hamohangligi sinchkovlik bilan o'rganiladi.

"O'zbekiston mutasaddilari bu yo'nalishda muammolar borligini tan olmoqda va bu juda muhim", - deydi Husayn.

Oliy komissar O'zbekiston adliya vaziri, bosh prokurori va ichki ishlar vaziri bilan ham uchrashganini ma'lum qildi. Prezidentning 2017-2021-yillarga mo'ljallangan harakat strategiyasida davlat boshqaruvi tizimnini yaxshilash, qonun ustuvorligini ta'minlash, adliya tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sektorni yaxshilash, xavfsizlik, elatlararo hamjihatlik, diniy tolerantlikni muvozanatda ushlash, tashqi siyosatda konstruktiv siyosat olib borish kabilar belgilangan.

Husayn fuqarolik jamiyatining 60 ga yaqin vakili bilan muloqot bo'lganini, hukumatni siyosiy mahbuslarni ozod etishga, qamoqxonalardagi sharoitni shaffoflashtirishga, qiynoqqa solish amaliyotiga batamom barham berishga da'vat etganini ham aytdi.

BMT vakili Samarqandda ham bo'lib, turli din vakillari bilan muloqot qildi.

Zayd Raad Husayn O'zbekistonga Andijon voqealarining 12 yilligi arafasida borgani ramziy ma'noga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG