Breaking News

BMTda ayollar anjumani boshlandi


Dunyo bo’ylab 4000 ayol kelasi ikki hafta davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotida ayollarning jamiyatdagi roli, qishloqda yashovchi xotin-qizlar yuzlashayotgan muammolar haqida munozara qiladi.

Ekspertlarga ko’ra, shahardan tashqarida yashovchi ayollarda imkoniyatlar shaharliklarnikiga qaraganda ancha kam.

“Ular ko’p jihatdan ortda qolib ketgan. Sog’liqni saqlash, ta’lim bobida imkoniyatlar ancha cheklangan; adliya tizimida ularga munosabatni yaxshilash zarur; qashshoqlik va zo’ravonliklar sabab qishloqdagi xotin-qizlar bor imkoniyatlarini ishga sola olmayapti”, - deydi Ayollarning maqomi bo’yicha 62-komissiya raisasi Jeraldin Neyson.

Dunyo bo’ylab 400 million ayol qishloq xo’jaligida mehnat qiladi, jinsiy va boshqa zo’ravonliklardan himoyalanmagan.

“Ular biz tanovul qilayotgan taomga solinadigan mahsulotlarni ekadi, teradi, qadoqlaydi. Ularning mehnati muhim, bizga hayot bag’ishlashadi. Ammo ularning hayoti doimiy tahdid ostida. Fermer ayollarni ko’plarimiz ko’rmaymiz odatda. Tabiiyki, ularga qarshi zug’um, ekspluatatsiya, kamsitish, zo’ravonliklarni ham ko’rmaymiz”, - deydi faol Monika Ramires.

Anjumanda ish joylarida ayollarga qarshi jinsiy zo’ravonlik va tegajog’lik holatlari ham muhokama etiladi.

“Ayol qayerda zo’rlanmasin, oqibati bir xil. Xoh bu Gollivud bo’lsin, xoh Kongo yoki Hindiston. Azobi bir xil. Ayollarni erkin qilishimiz kerak”, - deydi BMTda ayollar masalalari bilan shug’ullanuvchi Fumzile Mlambo Ngkuka.

Nyu-Yorkda boshlanayotgan tadbirda jinsiy tenglikka erishishdagi muammolar va imkoniyatlar ham ko’rib chiqiladi.

“Dunyoda haligacha jinsiy tenglikka erisha olganimiz yo’q. O’zgarishlar vaqti keldi”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG