Breaking News

Bosh Assambleyada qanday mavzular muhokama etiladi?


Shu haftadan boshlab BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi yillik sessiyasida davlat rahbarlari ma’ruza qiladi. Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri ilk katta yig’in, biroq Bosh Assambleyaning pandemiyadan oldingi sessiyalaridan kichikroq, chunki ayrim mamlakatlar rahbarlari bu yili ham anjumanda onlayn tartibda qatnashishni lozim topdi.

Xalqaro hayot – 21-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:14 0:00

“Dunyo kattaroq tartibsizlikka, kattaroq xavfga yuz tutmoqda. Noto’g’ri yo’ldan ketyapmiz. Hal qiluvchi palladamiz”, - dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Bir necha mamlakat rahbarlari noyabrda Shotlandiyada bo’ladigan iqlim o’zgarishiga doir muhim anjumandan oldin to’planib, qilinishi kerak bo’lgan ishlar haqida gaplashdi. Ular boy davlatlarni rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o’zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda va yangi andozalarga amal qilishda yordam berishga chaqirdi.

“Iqlim o’zgarishining ta’siri ko’p jihatdan rivojlanayotgan mamlakatlarga og’ir kelmoqda. Dovullar, yong’inlar, toshqinlar uzoq muddatli iqtisodiy zararga sabab bo’lyapti. Rivojlangan mamlakatlar esa so’nggi 200 yildan beri atmosferaga zararli gazlarni chiqarib, iqlim o’zgarishini tezlashtirmoqda. Rivojlanayotgan dunyoga yordam berishimiz kerak”, - dedi Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson.

Dunyoda emlanmagan odamlarni vaksina bilan ta’minlab COVID-19 ga barham berish yana bir muammo.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti 2022-yil o’rtalarigacha jahon aholisining 70 foizini emlashni maqsad qilgan, biroq qashshoq davlatlarda bu maqsadga erishish uchun imkoniyat yo’q.

Chorshanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden virus tarqalishining oldini olish masalasini muhokama qilish uchun virtual majlis uyushtirmoqda.

“Prezident Bayden dunyodagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan maslahatlashgan holda COVID-19 pandemiyasini to’xtatishga ahd qilgan. Vaksina ishlab chiqarishni kengaytirish, uni ehtiyojmand davlatlarga yetkazish hamda dunyo bo’ylab sog’liqni saqlash tizimilarini kuchaytirish maqsadida hukumatlar, bizneslar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati koalitsiyasini tuzyapmiz”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

Biroq iqlim o’zgarishi va pandemiya mavzulari geosiyosiy masala - Afg’onistondagi vaziyat soyasida qolib ketishi mumkin.

“Afg’oniston Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun ulkan gumanitar muammoga aylandi. Ochlik va siyosiy tartibsizlik davrida afg’onlar taqdiri BMT agentliklari qo’lida bo’ladi”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi” vakili Richard Govan.

“Katta Yigirmalik”ka a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari chorshanba kungi majlisda Afg’oniston mavzusida gaplashadi. Jahon rahbarlari ham birga-bir uchrashuvlarida, BMT minbaridan turib yoki oldindan yozib olingan videomurojaatlarida bu masalani ko’tarishi kutilmoqda.

“Tolibonni ayollar va qizlar huquqlarini himoya qilishga majburlashda Bosh Assambleya qo’lidan ko’p narsa kelmaydi”, - deydi Govan.

Bugun Jo Bayden Bosh Assambleyaga AQSh prezidenti sifatida ilk bor murojaat qildi. Amerika rahbari COVID-19 pandemiyasi, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, Afg’oniston, inson huquqlarini himoya qilish, demokratiya va xalqaro qoidalarga asoslangan tartib haqida gapirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG