Breaking News

BMT falastinlik qochqinlar uchun 500 million dollar to'plamoqchi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi idorasi 500 million dollar ko’tarish maqsadida maxsus moliyaviy kampaniya boshladi. Ma’lumki, Quddus shahrini Isroilning poytaxti sifatida rasman e’lon qilib, falastinliklar qahriga uchragan Donald Tramp agentlikka ajratiladigan moliyaviy yordamni keskin qisqartirishga qaror qilgan.

Odatda BMTning bu idorasi dasturlari uchun har yili 350 million dollar beradigan Qoshma Shtatlar ikki hafta oldin bu yili atigi 60 million dollar ajratilgani haqida bildirgan edi.

Agentlik ro’yxatga olingan besh million qochqinga G’azo Sektori, G’arbiy Sohil, Iordaniya, Livan va Suriyada yordam beradi.

“Biz mintaqadagi 500 ming bolani 700 ta maktabda o’qitamiz. Qochqinlarni davolaymiz. O’tgan yili 150 ta klinikaga to’qqiz million marta murojaat etishgan. 1,7 million falastinlik qochqin oziq-ovqatga muhtoj, shulardan bir millioni G’azoda”, - deydi tashkilotning Nyu-Yorkdagi idorasi direktori Piter Malrin.

Tramp dekabr boshida AQSh elchixonasini Quddus shahriga ko’chiramiz deganidan beri Vashington va Falastin Muxtoriyati munosabatlari taranglashgan.

Falastinliklar tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida tashkil etilgan rezolyutsiyada AQSh qarori qoralanganidan so’ng Vashington qochqinlarga yordamni kesishga qaror qildi. Ba’zilar buni jazo chorasi sifatida talqin qildi.

“Biz hech kimni jazolamoqchi emasmiz. Shunchaki, boshqa mamlakatlar ham hissasini qo’shsin deymiz”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli bizga BMTda qarshi turganlarga pul bermaymiz, dedi.

Oq uy ma’muriyatiga ko’ra, BMT idorasi kelajakda ko’proq yordam puli olishni istasa, islohotlar o’tkazishi shart.

“AQSh ma’muriyatidan islohotlar haqida aniq talablar, takliflar olganimiz yo’q. Oq uyning qarori idoramiz faoliyatiga, ishimizni qanday olib borishimizga umuman bog’liq emas”, - dedi BMTning falastinlik qochqinlar masalasi bo’yicha agentlik rahbari Pyer Kraxenbul.

Dushanba kuni AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Isroilga borib, Knessetda nutq so’zlayotgan bir paytda Kraxenbul tashkiloti faoliyatini davom ettirish maqsadida xalqaro hamjamiyatdan 500 million dollar so’radi.

Pensning aytishicha, AQSh elchixonasini Quddusga kelasi yili ko’chiradi.

Falastin Yaqin Sharq tinchligi masalasida AQSh bilan ortiq hamkorlik qilmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG