BMT Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qo'lladi

  • Amerika Ovozi

BMT Xavfsizlik kegashi a'zolari 22-dekabr kuni Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilish haqidagi rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi. Bu choralar orqali o'lkaning yadro dasturini rivojlantirishga qaratilgan tarmoqlar nishonga olinishi ko'zlangan.

"Avvalgidek, biz Shimoliy Koreya tanlagan agressiv choralarni shunga mos xalqaro sanksiyalar bilan kutib olishda davom etamiz", - dedi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.

Shu yilning o'zida Pxenyan to'rtinchi bor xalqaro jazo choralariga tortilmoqda.

Agar tatbiq etilsa, so'nggi rezolyutsiya Shimoliy Koreyaning qayta ishlangan neft mahsulotlari yillik importini 2016-yilgi 4,5 million barreldan yarim million barrelga tushiradi. Istisno holatlarga faqat Xavfsizlik kengashi tomonidan alohida-alohida ko'rib chiqilgan taqdirdagina yo'l qo'yiladi.

BMT Xavfsizlik kengashida Shimoliy Koreyaga qarshi ovoz berish jarayoni, Nyu-York, AQSh, 22-dekabr, 2017-yil.
BMT Xavfsizlik kengashida Shimoliy Koreyaga qarshi ovoz berish jarayoni, Nyu-York, AQSh, 22-dekabr, 2017-yil.

Shimoliy Koreya ishchilarining maoshlari

Shimoliy Koreya mehnat muhojirlari xorijdan jo'natadigan pul oqimini kesish ham maqsad qilingan.

Bu mablag'lar, odatda, qisman yoki to'liq rejim tomonidan tortib olinib, yadro va raketa dasturlarini moliyalash uchun ishlatiladi. Yangi rezolyutsiyaga ko'ra, barcha shimoliy koreyalik ishchilar ikki yil ichida uyiga qaytishi kerak.

Xitoyda 50 mingdan 80 minggacha, Rossiyada esa 30 mingtacha shimoliy koreyalik mehnat qilishi aytiladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp BMT qabul qilgan rezolyutsiyani "Twitter" orqali olqishladi.

Shimoliy Koreya noqonuniy tarzda ko'mir eksport qilayotgani hamda aldamchi kemalar orqali mamlakatga neft olib kirayotgani ham aniqlangan. Yangi choralarda shu kabi amaliyotlarga chek qo'yish ham ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, sanoat mashinalari va texnikasini hamda ayrim turdagi transport vositalarini Pxenyanga sotish taqiqlandi. Qo'shimcha 15 Shimoliy Koreya rasmiysiga viza va sayohat taqiqi qo'yildi. Ular, asosan, bank-moliya sohasi vakillari ekani ma'lum.

Yangi bunyod etilgan raketaga javob

BMT Xavfsizlik kengashining so'nggi rezolyutsiyasi Pxenyan 28-noyabr kuni amalga oshirgan qit'alararo ballistik raketa sinoviga javoban joriy etildi. Shimoliy Koreyaning da'vo qilishicha, bu raketa AQShgacha yetib borish kuchiga ega.

Bu yil orol davlat 3 ta qit'alararo ballistik raketa uchirgan bo'lsa, boshqa turdagi ballistik raketa sinovlari soni 20 tani tashkil etdi.

Shimoliy Koreyaning harbiy raketa sanoatini bu qadar tezlashtirayotgani uning azaliy ittiofoqchisi bo'lgan qo'shni Xitoyni ham xavotirga solmoqda.

Rossiya ham yangi jazo choralarini yoqladi, ammo masala barcha tomonlar orasida keng muhokama etilmaganidan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG