Breaking News

2016-yilgi prezident saylovida irq asosiy masalalardan biri bo'ladi


Janubiy Karolina shtatining Charlston shahrida, afro-amerikaliklar cherkovida ro’y bergan otishma irq va irqchilik mavzusini yana bosh o’ringa olib chiqdi, jumladan AQSh prezidentligi uchun kechayotgan saylov kampaniyasida.

Missurida nutq so’zlagan prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klinton Charlstonda yuz bergan otishmani “Xudo dargohida amalga oshirilgan terrorchilik harakati” deb atadi.

“Bunday fojeani tasodif deb atash va Amerikada irqchilik o’tmishda qolgan illat deb ishonish osonligini yaxshi tushunaman. Ammo shuncha urinish, harakatlar va umidlarimizga qaramay Amerikada irqiy tenglik uchun kurash oxiriga yetkazilgani yo’q”, - deydi Klinton.

Konfederatsiya bayrog’ini irqiy tengsizlik timsoli deya, Klinton uni olib tashlashga chaqirdi. Cherkovdagi otishmani uyushtirgan Dilan Ruf shu bayroq bilan rasmlarga tushgan. Janubiy Karolina qonunchilik organi bayroqni shtat poytaxtidan olib tashlash masalasini ko’rib chiqmoqda.

Prezidentlikka respublikachi da’vogarlar ham Charsltondagi qotillikni qoralab chiqdi. Florida sobiq gubernatori Jeb Bush va ayrim boshqa nomzodlar Janubiy Karolina gubernatori Nikki Heylining bayroqni tushirish qarorini olqishlayapti.

Senator Rik Santorum va Arkanzas shtati sobiq gubernatori Mayk Hakkabi nazarida esa bu Janubiy Karolina ahli hal qiladigan masala.

“Prezidentlikka nomzodlarni bu haqdagi savollar bilan ko’mib tashlashyapti, xuddi bu masalaning bellashuvga aloqasi bordek. Mening fikrimcha, aloqasi yo’q”, - deydi Hakkabi.

Biroq mamlakat ichida va xalqaro matbuotda Charlston fojeasi keng yoritildi. Kelasi yilgi saylovlar oldidan irq, zo’ravonlik va qurolga egalik masalalari kun tartibidan tushmasligi ayon.

“Prezident Lindon Jonson 1964-yilda Fuqarolar huquqlari haqidagi qonunni imzolaganidan 51 yil o’tib ham odamlar qalbini o’zgartirish oson emasligini, ayrimlar hamon nafrat bilan yashayotganini ko’ryapmiz”, - deydi siyosatshunos Tom Defrank.

Sotsiolog Karlin Bauman izohicha, amerikaliklar 2008-yilda Barak Obamani prezident etib saylaganida irqiy tenglik tantana qilingan edi. So’nggi yillarda ayrimlarning umidlari puchga chiqdi.

“Charlston voqeasidan so’ng jamoachilik bildirgan munosabat hamda ko’rsatgan matonatdan keyin shu ayon bo’ldi-ki, irqchilik bilan bog’liq muammolar hamon mavjud, lekin jamiyatda birdamlik va hamjihatlik ham kuchli”, - deydi Bauman.

Hillari Klinton afro-amerikalik saylovchilarni o’z tarafiga og’dirishga harakat qilmoqda. Ular yordamida Klintonning partiyadoshi Obama ikki marta saylanishga muvaffaq bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG