AQSh qo'mondoni: Afg'on harbiylariga qo'shimcha madad kerak

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg’onistondagi harbiy kuchlari qo’mondoni general Jon Nikolson

AQShning Afg’onistondagi harbiy kuchlari qo’mondoni general Jon Nikolsonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, afg’on hukumati xavfsizlik kuchlarini, asosan, aholi markazlari atrofida ushlab, natijada ayrim hududlar Tolibon nazoratiga o’tdi. Nikolson Kongressdan qo’shimcha askar so’ramoqda.

“Hudud va aholi o’rtasidagi farqga e’tiborni qaratmoqchiman. Afg’on xavfsizlik kuchlari hududlarni ushlab qolishga harakat qilmadi, aholi yashovchi rayonlarni himoya qildi. Bilamizki, Afg’onistonda odamlar siyrak katta hududlar bor. Harbiylarni u yerda ushlab turgandan ko’ra aholi zichroq yashaydigan rayonlarga safarbar etgan ma’qulroq”, - deydi general.

Ayni damda Afg’onistonda AQSh qo’mondonligi ostidagi xalqaro koalitsiya tarkibida 14 mingdan kamroq askar qolgan. 2011-yilda ularning soni 110 dan ziyod edi. Afg’on xavfsizlik kuchlari bilan ishlash uchun yana bir necha ming askar kerak, deydi Nikolson.

"Afg’on harbiy qismlarida maslahatchilar yetishmayapti", - deydi u.

Bundan oldin general AQSh Senati qo’mitasiga afg’on armiyasi safidagi katta talofatlar haqida hisobot bergan edi. Nikolsonga ko’ra, kelasi to’rt yilda Afg’oniston harbiy-havo kuchlari salohiyatini oshirib, maxsus kuchlari sonini salkam ikki baravar ko’paytirishda yordam berish zarur.

“Afg’oniston qurolli kuchlari hujumkorligini oshirishga muvaffaq bo’lsak, bu urushda keskin burilish yasash mumkin. Buning uchun harbiy-havo kuchlari va maxsus qo’shinlar tayyorgarligini oshirish zarur”, - dedi u.

General Rossiyani NATOning Afg’onistondagi ishini paysalga solib, mamlakatda tinchlik jarayoniga to’g’anoq bo’layotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG