Breaking News

AQSh: Evakuatsiya qonli xurujlarga qaramay davom etadi


Payshanba kuni Afg’oniston poytaxti Kobulda sodir etilgan xurujlarda 100 dan ortiq odam, jumladan 13 nafar amerikalik askar halok bo’ldi.

Xalqaro hayot – 27-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:19 0:00

“Islomiy davlat” jihodchi to’dasi xurujlarni o’z bo’yniga oldi. AQSh Prezidenti Jo Bayden ularni jazolashga so’z berdi.

“Bu hujumga qo’l urganlar, Amerikaga zarar yetkazmoqchi bo’lganlar shuni bilsinki, biz ularni kechirmaymiz. Sizni qo’lga olamiz va jazolaymiz”, - dedi Bayden.

AQShning Afg’onistondan harbiylarni chiqarishga mas’ul generali Frenk Makkenzining aytishicha, xurujlarga qaramay, evakuatsiya davom etadi.

“Daish missiyamizga halaqit bera olmaydi. Sizni ishontirib aytaman”, - dedi u.

General harbiylar bo’lajak hujumlarga hozirlik ko’rayotganini aytdi.

AQSh qo’shinlari aeroport xavfsizligini ta’minlamoqda. Tashqarida esa Tolibon nazoratni o’rnatgan. Taraflar harakatlarini muvofiqlashtirayotganini bildirdi.

Evakuatsiya soat sayin xavfli tus olmoqda. Undan maqsad ro’yxatdagi barcha odamlarni mamlakatdan olib chiqish, biroq shu bilan birga, AQSh kuchlari jarayonni tezroq yakunlash zarur, deydi.

Kobul aeroporti yonidagi qonli portlashlarga qaramay, Tolibon rejimida yashashni istamayotgan afg’onlar aeroportga qaytib borishga harakat qilmoqda, biroq yo’llar to’silgan.

"Hayotimiz xavf ostida, vaziyat bu yerda yaxshi emas. Butun dunyo buni biladi”, - deydi ketishdan umidini uzmayotgan afg’onlardan biri.

Bugun Kobuldagi masjidlarning birida juma namozi paytida imom AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotini tanqid qildi.

"Ko’rdingiz, amerikaliklar 20 yilda bizning mustaqil va o’zimizga to’q bo’lishimiz uchun biror narsa qilmasdan ketishyapt”, - dedi u.

Tolibon imomlarga ma’ruza paytida musulmonlarni itoatkor bo’lishga da’vat etishni tayinlagan.

Kobuldagi xurujlar ketidan Niderlandiya va Ispaniya evakuatsiyani yakunlaganini ma’lum qildi. Mamlakatdan chiqib ketishga umid qilgan ayrim afg’onlar qolib ketishidan xavotirda ekan, bir guruh afg’on jurnalistlari namoyish o’tkazib, ishlash uchun sharoit va xavfsizlikni ta’minlashga, Afg’onistondan ketmoqchi bo’lganlarga viza olishga imkon berishga chaqirdi.

Tolibon aholini ketmaslikka da’vat etmoqda, biroq kimdir mamlakatni tark etishni istasa, tijoriy reyslar jonlanganida shunday imkoniyat bo’lishini bildirdi.

BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatiga ko’ra, yil oxirigacha Afg’onistonni yarim million odam tark etishi mumkin. Tashkilot davlatlarni ularni chegaralaridan o’tkazishga chaqirmoqda.

Ayni damda Afg’onistondan Pokistonga, Pokistondan esa Eronga minglab afg’on kirmoqda. Erondan Turkiyaga o’tayotganlar ham bor.

Pokistonga chiqib ketayotgan afg’onlar vatandagi vaziyatdan nolimoqda. Ular orasida aeroport tashqarisida evakuatsiya umidida bir necha kun kutganlar ham bor. Umidini uzganlar boshqa chora ko’rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG