Breaking News

AQShning yangi afg'on strategiyasi ish beradimi?


AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, Prezident Donald Tramp Afg’onistonda xizmat qilayotgan qo’mondonlarga mahalliy sharoitga qarab ish tutishga ruxsat berdi. Bundan keyin Vashingtondagi rasmiylar jang maydonidagi vaziyatni belgilamaydi, deydi u.

“Janglar, asosan, afg’on kuchlari - armiya va politsiya zimmasida bo’ladi. Ammo biz o’tgan bir yarim yilda boy berilgan hududlarni qaytarib olib, vaziyatni barqarorlashtirishni uddalaymiz degan umiddaman”, - dedi Tillerson.

Shunga qaramay, deydi u, bu urushni qurol bilan yengib bo’lmaydi, Tolibon bilan muzokara qilish kerak.

“Tolibon ham jang maydonida g’alaba qila olmasligini anglab yetishi zarur. Yangi siyosatimiz Tolibonga shuni tushunishga majbur qilishga qaratilgan”, - deydi Tillerson.

AQSh davlat kotibiga ko’ra, Afg’onistonning murakkab muammolarini hal qilish uchun mintaqaviy yondashuvni ishga solish kerak, ya’ni Hindiston va Pokistonni ham jalb qilish lozim. Buning uchun Pokiston terrorchilarga munosabatini o’zgartirishi zarur, deydi tahlilchi Deyvid Sedni.

“Pokiston Tolibon rahbariyatiga o’z hududida uchrashishiga yo’l bermasligi, Pokistondan Afg’onistonga qurol-yarog’, portlovchi moddalar ta’minotiga chek qo’yishi kerak. Pokiston AQShning sabri tugab borayotganini anglamoqda”, - deydi sobiq diplomat.

Vashingtonlik yana bir ekspert fikricha esa, AQShning yangi strategiyasida katta o’zgarish yo’q.

“Tolibon tashabbusni qo’lga olganini ko’rgan AQSh generallari qo’shinlar sonini oshirishni so’ragan. Biz u yerda boy beryapmiz. Qo’shimcha askarlar vaziyatni bir oz yaxshilab, Tolibonni muzokara qilishga majburlashi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro siyosat markazidan Uilyam Gudfellou.

Afg’oniston ahli ham hukumat va Tolibonning murosa qilishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG