Breaking News

AQSh Daish Afrikada o'rnashishini bashorat qilmoqda


AQSh harbiylari Nigeriya va Chad qo'shinlarini tayyorlamoqda

“Islomiy davlat” jangari to’dasi Iroq va Suriyadan quvilgach, Afrikaning qarovsiz va nazoratsiz hududlarida o’rnashishi mumkin. AQSh rasmiylari bundan xavotirda. Pentagon islomiy ekstremistlarga bu ishda halaqit bermoqchi.

Qashshoq, umidsiz, siyosatchilardan ko’ngli sovigan, ishsiz musulmon yoshlarni Afrikada terrorchilikka yollash oson, buning uchun barcha sharoitlar mavjud.

“Agar kelajakka nazar tashlashga harakat qilsak, Daish Afrikaga ko’chishi ayon bo’lib turibdi. Qaynoq nuqta bo’ladi”, - deydi AQSh Kongressi Vakillar palatasi Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Maykl Makkol.

Butun qit’ada joylashgan amerikalik askarlar soni yolg’iz Afg’onistonda xizmat qilayotgan harbiylar sonining yarmiga ham yetmaydi.

Afrikada terroristlar faollashgani sari Qo’shma Shtatlar harbiylari sonini ham muntazam oshirib bordi. 2009-yilda 3200 askar bor edi, bugunga kelib ularning miqdori 6500 atrofida.

“Afrikaliklar AQSh muammoni hal etishda harbiy yondashuvga katta urg’u berayotganidan xavotirda”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Jon Kempbell.

Jorj Bush prezidentligi paytida Nigeriyada elchi bo’lib ishlagan Kempbellning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, asosiy e’tiborni ekstremizga sabab bo’layotgan omillarga qaratish kerak – iqtisodiy taraqqiyotning yo’qligi va zaif davlat boshqaruvi.

Biroq agar Tramp Davlat departamenti byudjetini salkam 30 foizga qisqartirish rejasidan qaytmasa, Kempbell taklif etayotgan yondashuv ish bermaydi.

“Harbiy yo’l bilan muammoni hal qilish mumkinmi? Yo’q, albatta”, - deydi u.

AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo’mondonligi qit’a mamlakatlari armiyalari tayyorgarligini oshirmoqchi. Jangarilar tashviqotga zo’r bermoqda, Afrikada yoshlarni yollash avjida.

“Ilojsizlik ko’p yoshlarni shu yo’lga kirishga majbur qilmoqda. Ekstremistlar ularni mototsikl yoki kelin va’da qilib qiziqtiryapti. Oilasi ochlikka yuz tutgan odam nima qilsin?” – deydi Afrikada xizmat qilayotgan amerikalik harbiy Ramon Kolon-Lopes.

Tramp ma’muriyati qit’adagi Amerika harbiylariga al-Shabab va boshqa jangari guruhlarni nishonga olishga ruxsat berdi. Ilgari hujum faqat mudofaa maqsadida amalga oshirilardi.

“Vakolatimizning kengaytirilgani yaxshi bo’ldi. Faolroq harakat qilyapmiz endi”, - deydi katta serjant.

Afrikada ekstremizga qarshi kurash AQSh uchun yo’qotishsiz bo’layotgani yo’q. May oyida Somalida amerikalik bir askar mahalliy kuchlarga al-Shababga qarshi jangda yordam berayotib halok bo’ldi, oktabr oyida esa Nigerda amerikalik zobitlar “Islomiy davlat” pistirmasiga duch kelib, to’rt nafari o’ldi.

Agar Daish qit’ada chuqurroq o’rnashgudek bo’lsa, AQSh askarlari Afrikaning boshqa mamlakatlarida ham ularning hujumiga duch kela boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG