Breaking News

AQSh-ASEAN sammitidan oldin Amerikaning mintaqadagi strategiyasi hamon mavhum


AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens sammitdan oldin Yaponiyada to'xtab, Bosh vazir Shinzo Abe bilan uchrashdi, 13-noyabr, 2018-yil.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens sammitdan oldin Yaponiyada to'xtab, Bosh vazir Shinzo Abe bilan uchrashdi, 13-noyabr, 2018-yil.

Amerika Vitse-prezidenti Mayk Pens shu hafta Singapurda bo’ladigan AQSh-ASEAN sammitida qatnashish uchun Osiyoga jo’nab ketdi. Bugun u Yaponiyada bo'lib, Bosh vazir Shinzo Abe bilan Shimoliy Koreya yadro dasturi, Xitoyning mintaqada oshib borayotgan qudrati, Yaponiya bilan savdo xususida gaplashgan. Odatda davlat rahbarlari qatnashadigan anjumanda bu safar Prezident Donald Tramp qatnashmaslikka qaror qildi.

Singapurdan so’ng Pens Papua Yangi Gvineyaga borib, Sharqiy Osiyo iqtisodiy hamkorlik sammitida ham Trampning yo’qligini bildirmaslikka harakat qiladi.

Har ikki yirik xalqaro anjumanda vitse-prezident AQShning mintaqadagi siyosatini tushuntirib berishi kutilmoqda. Barak Obama prezidentligi paytida muhim deb ko’rilgan regionga Tramp ma’muriyati jiddiy e’tibor qaratmayapti, deydi ayrim kuzatuvchilar. Bunga bir misol Tramp prezidentlikka kelishi bilan mintaqadagi yirik savdo bitimidan – Trans-Tinch okeani hamkorlik shartnomasidan chiqdi.

ASEAN tashkilotiga 10 mamlakat a’zo. AQSh mintaqada joylashmagani bilan unga a’zo, ammo a’zo mamlakatlar bilan chegaradosh Xitoy unga taklif etilmagan. Vashington tashkilot doirasida Pekinning iqtisodiy va siyosiy yuksalishiga to’siq qo’yishga intilmoqda.

“Tramp ma’muriyati mintaqada tijoratga kattaroq urg’u bermoqda. Savdo siyosatida ikki tomonlama aloqalar ko’p tomonlama munosabatlardan ustun qo’yilmoqda”, - deydi AQSh-ASEAN biznes kengashidan Mark Meli.

Tashkilotga a’zo mamlakatlar Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarni o’zlashtirayotganidan, yonilg’i resurslariga boy orollarga da’volaridan xavotirda, ularni o’zlariga tahdid deb biladi. Vashington bu tortishuvlarda ittifoqchilari yonini olmoqda.

“AQSh mudofaa vaziri mintaqa davlatlari mudofaa vazirlarining yig’ilishlariga borib turibdi, Amerika kemalari Janubiy Xitoy dengizida suzib yurmoqda”, - deydi AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Vikram Singx.

AQSh va Xitoy Janubi-sharqiy Osiyoda raqib bo’lsa-da, Prezident Tramp savdo va xavfsizlik masalalarida Xitoyga nisbatan turlicha siyosat yuritmoqda, bu esa mintaqadagi mamlakatlarni tashvishlantirmoqda.

“Ular AQSh bilan ham, Xitoy bilan ham yaxshi aloqada bo’lishni istaydi. Tramp ma’muriyati ularni tarafkashlikka undayotgani bu mamlakatlarni cho’chitmoqda”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar institutidan Bonni Gleyzer.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, agar Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan mintaqada raqobatlashmoqchi bo’lsa, Pekinning bir trillion dollardan oshiq global sarmoya strategiyasiga teng javob berishga majbur.

Hozircha Tramp ma’muriyati rivojlanayotgan mamlakatlardagi loyihalarni xususiy sarmoyalar bilan ta’minlashda yordam beruvchi, byudjeti 60 milliard dollarlik yangi idora tuzgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG