AQSh olimpiyachilari tibbiy ma’lumotlarining oshkor etilganini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Serena Uilyams

So’nggi Olimpiya o’yinlarida ishtirok etgan amerikalik yengil atletikachilarning ba’zilari rus xakerlari faoliyati natijasida tibbiy ma’lumotlarining oshkor etilganini ijtimoiy sahifalarida muhokama qildi.

Ushbu hujjatlardan ma’lum bo’lishicha, Rio-de-Janeyroda to’rtta oltin medalni qo’lga kiritgan Simona Bayls, tennis yulduzlari Serena va Venus Uilyams hamda basketbol yulduzi Yelena Delle Donn taqiqlangan dorilarni qabul qilgan. Biroq bu sportchilarning aytishicha, ular dorilardan tibbiy maqsadda foydalangan va ularni iste’mol qilishdan oldin tegishli idoralardan ruxsat olgan.

Masalan, Baylsda E’tibor va giperaktiv faoliyat taqchilligi sindromi bo’lgani uchun u metilfenidat ichgan. U Twitterdagi sahifasida bu dardga bolaligida uchraganini aytadi.

“Men toza sport tarafdoriman, qoidalarga hamisha rioya qilganman, bundan keyin ham shunday qilaman, chunki halol raqobat sport uchun va men uchun juda muhim", - dedi u.

AQSh Gimnastika uyushmasi Baylsga preparatdan foydalanishga muolaja maqsadida va istisno tariqasida ruxsat berilganini, Bayls dopingga doir qoidalarni buzmaganini ma’lum qildi.

Venus Uilyams tibbiy ma’lumotlarining oshkor etilganini qoralab, Dopingga qarshi tennis dasturi qoidalaridan chetga chiqmaganini bildirdi.

"Men raqobatli sportda halol kurashning ashaddiy tarafdorlaridanman”, deb yozdi o’zining Twitterdagi sahifasida.

Shikastlangan katta barmog’ini kasalxonada davolatayotgan Delle Donnning Twitter saytidagi yozuvi esa kinoyali bo’ldi.

"Preparatni qonuniy ravishda qabul qilganimni butun dunyoga ma’lum qilganlari uchun xakerlarga tashakkur deyman, chunki VADA (Jahon anti-doping boshqarmasi) menga istisno tariqasida ruxsat berdi”, - deb yozdi basketbolchi.

VADAning ma’lum qilishicha, ma’lumotlarni Rossiyaga qarashli kiber-josuslar o’g’irlagan.

AQSh anti-doping boshqarmasi sportchilar obro’sini tushirishga qaratilgan bu harakatni qoraladi.

"Aybsiz sportchilarga shu tariqa hujum qilish qo’rqoqlik”, - deydi tashkilot rahbari Travis Tigart.

Rossiya hukumati xakerlarga aloqasi borligini inkor etdi. Sport vaziri Vitaliy Mutkoning aytishicha, rossiyalik sportchilarning o’zi kiber-xurujlar qurboni bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG