Breaking News

Boltiq davlatlari rahbarlari Oq uyda Tramp bilan uchrashdi


Prezident Donald Tramp Boltiq mamlakatlari rahbarlari bilan Oq uyda uchrashmoqda, 3-aprel, 2018-yil

Bugun Prezident Donald Tramp Oq uyda Estoniya, Latviya va Litva prezidentlarini qabul qildi. Boltiq sammitida AQSh bilan aloqalar hamda mintaqada Rossiya tahdidi haqida gap ketdi.

Rossiya bilan tarang aloqalarga ega bu davlatlar rahbarlari Qo’shma Shtatlarni Rossiya tahdidini jiddiy qabul qilishga, Putin bilan qattiqroq gaplashishga chaqirdi.

"Rossiya bilan menchalik qattiq hali hech kim gaplashmagan, ammo bu mamlakat bilan chiqishishni bilish kerak. Buni ahmoq odamlardan boshqa hamma tushunadi", - dedi u.

“Tramp yaqinda rossiyalik 60 diplomatni haydadi, Ukraina va Gruziyaga qurollar uzatmoqda”, - deydi Xeritij jamg’armasi eksperti Lyuk Koffi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Boltiq respublikalari NATO mashg’ulotlaridan ko’ra mintaqada AQShning doimiy harbiy bazasi bo’lishini istaydi.

“Ular uchun bu qadam AQShning mintaqa xavfsizligiga jiddiy yondashuvini anglatardi”, - deydi Nordenman.

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens o’tgan yil yozida Estoniyaga borganida Qo’shma Shtatlar bu respublikalarni yolg’iz qoldirmasligini aytgan edi.

Boltiq davlatlari Rossiya Latviya va Shvetsiyaga yaqin dengiz hududlarida raketalarini sinayotganidan tashvishda. Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, NATOga a’zo ayrim mamlakatlar Prezident Trampning Vladimir Putin haqidagi ijobiy fikrlaridan xavotirda.

“Shu bilan birga, Boltiq respublikalari AQSh amalda qanday siyosat olib borayotganiga, masalan, Shimoliy Yevropada harbiy mashqlar o’tkazayotganiga, Yevropadagi qo’shinlarini muntazam ravishda almashtirib turayotganiga, qit’a xavfsizligini oshirish uchun turli tadbirlar ko’rayotganiga ham e’tibor qaratmoqda”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tashkilotidan Magnus Nordenman.

To’rt rahbar Oq uyda savdo, sarmoya, madaniy dasturlar hamda NATO doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi.

Trampning aytishicha, alyans byudjetiga kam pul ajratayotgan davlatlar moliyaviy majburiyatini bajarishi, yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaaga ajratishi kerak.

Litva Prezidenti Daliya Gribauskaytening Trampga aytishicha, AQShning NATOdagi roli beqiyosdir.

"Qo'shma Shtatlar bilan NATOda chuqur islohotlar o'tkazish tarafdorimiz, ayniqsa alyans ichida qarorlarni qabul qilishda, qat'iyatliroq bo'lishda. AQShsiz buning imkoni yo'q", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG