AQShda asalarilar tobora kamayib bormoqda. Buning boisi hali ilmiy jihatdan to’la aniqlanmagan. Asalchilar nazarida atrof-muhitning ifloslanishi muammoning bosh sababi.
Lekin AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi e’tiborni parazit bakteriyalarga qaratmoqda. Masala ham sanoatchilar, ham ilm-fan arboblarini jiddiy o’ylantirib qo’ygan. Arilar qaytadimi?
Gap shundaki, Amerika eng ko’p asal ishlab chiqaradigan davlatlardan biri. Asal bizneslari kelajakdan xavotirda. Qishloq xo’jaligi vazirligi ma’lumotiga ko’ra, asalarilar soni AQShda 50-90 foizgacha kamaygan.
“O’tgan ikki yil ichida arilarimiz soni 60 foizdan ko’p qisqardi”, - deydi Deyvid Xekenberg, yirik asalchi. 48 yildan beri shu sohada ishlaydi. Tadbirkor muammoni tabiatda zaharli kimyoviy o’g’itlarning ko’payib ketganiga bog’laydi.
“Fermerlar va bog’bonlar dalaga turli xil kimyoviy o’g’itlarni sochishda davom etishyapti. Bu zaharli moddalar o’simlik tarkibiga ko’chmoqda. Afsuski, ular o’simlikdan oziq-ovqatga ham o’tadi”.
Xekenbergning aytishicha, bu moddalarni asalari mumida aniq ko’rish mumkin. “Ular odatda mumga singiydi. Mum to’la zahar desa ham bo’ladi”.
Qishda tadbirkor arilarini Floridaga ko’chiradi. Bahor kelgach, shimolga, Pensilvaniyaga borib, ularni fermerlarga ijaraga beradi. Asalari ekinlarni changlatish uchun kerak. AQShda oziq-ovqatning uchdan bir qismi hasharotlar changlatadigan ekinlardan olinadi.
“Asalarilarimiz har yili yuk mashinalarida 19 ming kilometr yo’l bosadi”.
Kunduzi erkin uchib yuradigan asalarilar kechga yaqin iniga qaytadi. Deyvid kechqurun asalari qutilarini mashinaga joylab, navbatdagi ekinzorga yo’l oladi.
Arilarning sirli g’oyib bo’lishi bundan yetti yil muqaddam AQSh va Yevropada boshlandi. Ilmda bu jarayonga “Asalari jamolalarining parokanda bo’lishi” deya nom berilgan. Ammo olimlar muammoning aniq sababini hanuz bilmaydi.
Qishloq xo’jaligi vazirligiga qarashli laboratoriyada Jeff Pettis shu masalani o’rganmoqda.
“Bunda kimyoviy moddalar, bakteriyalar va yetarli oziqlanmaslik kabi faktorlar muhim rol o’ynaydi. Shu muammolarga yo’liqqan asalarilar osongina virus va bakteriyalar qurboniga aylanishi mumkin”, - deydi Pettis.
Pennsilvaniya universiteti yaqinda bir tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Unda asal, asal mumi va halok bo’lgan asalari organizmida olti xil kimyoviy modda topilgani aytiladi. Ayrimlarida pestisidlar soni 80dan ziyod bo’lgan.
“Asalari, asal va mum tarkibida turli xil zaharli moddalarni topdik. Bu asalarilar jiddiy xavf ostida ekanini ko’rsatadi”, - deydi Pettis.
Ko’p tadqiqotlarda moddalar alohida tekshirilgan. Kimyoviy o’g’itlarning birgalikdagi ta’sirini o’rganuvchi tadqiqotlar endi boshlanyapti.
“Ko’plab laboratoriyalarda turli xil kimyoviy moddalar asalarilarga qanday ta’sir qilishi haqida tadqiqotlar olib borilyapti”.
Jeff Pettisning aytishicha, arilar kamayishiga faqat kimyoviy moddalar sabab bo’lishi to’la isbotlanmagan. Muammo jamoaning xastalanishi oqibatida boshlangan deyishadi. Ammo kasallikka nima sabab bo’lgani noma’lum.
“Shu narsa aniqki, o’lgan asalarilar organizmi virus va bakteriyalarga to’la”, - deydi olim.
Asalarilar faqat bir xil navli ekinzorlarda yashashi bois kerakli ozuqa va vitaminlarni olmayapti. Bu ham sabablardan biri.
Taxminlar bir dunyo. Deyvid Xekenberg singari asalchilar, tabiiyki, tashvishda.
“Kelajak mavhum. Atrof-muhitni tozalash ko’p vaqt oladi. Biz tabiatni shu darajada ifloslantirdikki, vaziyatni o’nglash endi amrimahol”.