Trampning hujjatsiz muhojirlarni jazolash siyosati oydinlashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasi

AQSh Adliya vaziri Jeff Seshns bundan keyin noqonuniy immigratsiyaga qarshi qattiq kurash olib borilishi haqida gapirdi. Amaldagi qonunlar ijrosi, dedi u, qattiq nazorat qilinadi.

Jeff Seshnsning aytishicha, hujjatsiz muhojirlarni yashirgan yoki tashigan odamlarga jarima ham solinadi.

“Yangi davr boshlandi, Tramp davri. Qonunni chetlab o’tish, “ushlab-qo’yib yuborish”lar eski davrda qoldi”, - dedi vazir.

Seshns AQSh-Meksika chegarasidagi Nogales shahrida bo’lib, federal prokurorlarni immigratsiyaga doir jinoyatlarni, xususan, chegaradan noqonuniy o’tish, odam kontrabandasi kabi jinoyatlarga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Arizona chorvadorlari halol kun ko’rish, oilasini boqish uchun jazirama quyosh ostida tinmay mehnat qiladi. Lekin chegaraning narigi tarafidagi jinoiy to’dalar mamlakatimizga narkotiklar va o’lim olib kelmoqda”, - dedi AQSh adliya vaziri.

Seshns, shuningdek, chegara xavfsizligini kuchaytirishga hamda immigratsiya sudlarida ishlarning tezroq ko’rilishini ta’minlashga qaratilgan islohot va choralarni e’lon qildi.

“Suddagi immigratsion ishlarning sudralishi, “ushlab-qo’yib yuborish” siyosati huquq-tartibot organlari xodimlari ishining samaradorligiga putur yetkazdi. Prezident farmoniga muvofiq, chegaradan noqonuniy o’tish paytida ushlangan odamlarni hibsga olamiz, qo’yib yubormaymiz. Bu qarorni qat’i amalga oshirish maqsadida chegara hududlardagi hibsxonalarga 25 ta immigratsion sudyani safarbar etdik”, - dedi Seshns.

Huquq himoyachilari, siyosatchilar va boshqalar Tramp ma’muriyatining immigrantlarga qarshi rejalariga e’tiroz bildirmoqda. Lekin Seshnsning aytishicha, immigratsiya qonunlariga bo’ysunmaganlar jazolanadi.

“Noqonuniy muhojirlarni tashish va yashirish katta biznesga aylangan. Endi bunday bo’lmaydi. Bu ishdan foyda ko’rayotganlar javobgarlikka tortiladi”, - dedi u.

Seshnsning seshanba kungi nutqidan Tramp ma’muriyatining hujjatsiz immigrantlarni jazolash siyosati oydinlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG