Trampning devor qurish rejasiga texaslik chegarachilar nima deydi?

  • Amerika Ovozi

AQSh chegarasida ushlangan meksikaliklar

Prezident Donald Tramp Meksika chegarasida baland devor ko’tarish rejasidan qaytmoqchi emas. Biroq bu loyihaga pul qayerdan keladi, Kongress mablag’ ajratishga rozi bo’ladimi yoki qonunchilar yana prezident bilan jiqqalashadimi?

Ikki mamlakat chegarasining uzunligi uch ming kilometrdan oshiq, 1100 kilometri to’siqlardan iborat, Tramp 1600 kilometriga devor qurdirmoqchi. Kongress kelasi hafta ta’tildan qaytgach shu haqda munozara qiladi.

Rio Grand daryosi ikki mamlakatni bir-biridan ajratib turadi.

“Daryoning Meksika tomoni sayozroq”, - deydi Kori Meddoks.

AQSh Bojxona va chegara patruli agenti hujjatsiz muhojirlarni ko’p kuzatadi.

“Qo’lbola qayiq, otlar, balonlarda o’tishga harakat qilishadi, ba’zilar suzib o’tmoqchi bo’ladi”, - deydi u.

Aksariyatiga kontrabandachilar yordam beradi.

“Ular bu ish bilan anchadan beri shug’ullanadi. Daryoning qayeridan o’tishni yaxshi bilishadi”, - deydi Meddoks.

Chegara patruli buzg’unchilarni tepalikdan kuzatadi. Atrofdagi qalin qamishzorlardan o’tish osonmas. Rio Grand daryosidan tashqari patrul agentlari cho’l orqali narkotiklar olib o’tayotgan odamlarga ham ko’z-quloq bo’ladi, ba’zida kanyonlarda adashib, holsizlanib qolgan muhojirlarni qutqarishadi. Kanyonlar va jazirama cho’l har qanday devordan yaxshiroq himoya qiladi.

“Chegara hamma joyda ham bir xil emas”, - deydi patrul boshlig’i Mettyu Xudak.

Unga ko’ra, bitta devor bilan chegara muammosini hal qilib bo’lmaydi.

“Shunda ham qo’shimcha chegarachilarsiz ish bitmaydi”, - deydi Xudak.

Devordan aholi zonalarida foyda ko’proq, cho’lda esa chegarachilar yaxshi ishlaydi.

“Bu ish oson emas. Bu atrofda odamlarni kuzatish juda ham qiyin”, - deydi Kori Meddoks.

Mahalliy huquq-tartibot organlari vakillariga ko’ra, devorni qurishdan oldin rejani puxta qilish kerak.

“Rayonimizdagi ayrim joylar devor ko’tarishga yaroqsiz”, - deydi sherif Jo Frenk Martines.

Unga ko’ra, chegaraning bu qismi xavfsiz. Agar Prezident Tramp kelsa, o’zgacha manzaraga guvoh bo’ladi, deydi u.

“Chegarada bo’lmagan odamlar chegara haqida gapirmasa yaxshi bo’lardi”, - deydi Val Verde grafligi sherifi.

Ba’zilar nazarida, Tramp o’ylab ish qiladigan odam.

“Nyu-York markazida bino qurishga aqli yetgan odamning oddiy devorni ko’tarishga aqli yetmasinmi”, - deydi nafaqaxo’r Li Vezersbi.

Devor haqidagi munozaralar Vashingtonda hali ancha davom etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG