Breaking News

AQShning Xitoyda elchilikka nomzodi qonunchilar savollariga javob berdi


Xitoyning o'sha paytdagi vitse-prezidenti Si Zinpin (chapda) va Ayova gubernatori Terri Brenstad, Ayova shtatidagi tadbirda, 15-fevral, 2012-yil
Xitoyning o'sha paytdagi vitse-prezidenti Si Zinpin (chapda) va Ayova gubernatori Terri Brenstad, Ayova shtatidagi tadbirda, 15-fevral, 2012-yil

AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoyda elchi lavozimiga tayinlangan Ayova shtati gubernatori Terri Brenstad Senat Xalqaro aloqalar qo’mitasida qonunchilar savollariga javob berdi.

Senatorlar Shimoliy Koreya va uning yadroviy salohiyati hamda tahdidi, Xitoyning bu mamlakatga ta’siri xususida elchilikka nomzodning fikrlari bilan qiziqdi. Gubernatorga ko’ra, Pekin Pxenyandan taralayotgan xavfni yaxshi tushunadi va urush boshlangudek bo’lsa, qochqinlarning Shimoliy Koreyadan Xitoyga o’tishini istamaydi.

“Osiyodagi boshqa davlatlar kabi Xitoy vaziyatning naqadar jiddiy ekanini anglamoqda. Shimoliy Koreya rahbarlarining yadro qurolini qo’lga kiritishga intilishi insoniyat uchun katta xavfdir. Buning oldini olish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak”, - dedi Terri Brenstad.

Qonunchilar Xitoyda inson huquqlari bilan bog’liq ahvolning yanada yomonlashayotganidan ham xavotir bildirdi.

“Agar elchi bo’lsam, Amerika qadriyatlarini Xitoy rahbariyati va xalqiga har kuni bildirib turaman. Barcha insonlar uchun teng huquqlar, erkin va ochiq bozor, Xitoy atrofidagi suvlarda qonunlarga asoslangan tartib, erkin matbuot kabi qadriyatlar shular jumlasidan”, - dedi Ayova gubernatori.

Mazkur shtatdan Senatga saylangan Joni Ernst Brenstadning Xitoy rahbariga yaqinligini alohida ta’kidladi.

“Gubernator Brenstad Xitoy va bu davlat rahbarlari bilan yaxshi tanish. Si Zinpin 1985-yilda Ayovaga borganida o’sha yerda ilk bor tanishishgan”, - dedi qonunchi.

Brenstadning aytishicha, agar Senat uning nomzodini elchi lavozimiga tasdiqlasa, u Si Zinpin bilan yaqinligidan foydalanib, tinchlik va barqarorlikka o’z hissasini qo’shishga harakat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG