Breaking News

AQSh va Xitoy savdo bobida bir-biriga iltifot ko'rsatdi


Xitoy AQSh bilan davom etayotgan savdo bo’yicha tortishuvlarni so’ndirish maqsadida AQShdan cho’chqa go’shti va soya kabi qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotib olishga tayyor ekanini e’lon qildi.

Xitoy Savdo vaziri Gao Fenning aytishicha, AQSh Prezidenti Donald Trampning Xitoy eksportlariga tariflarni kechiktirish qarorini Pekin yaxshi niyat ishorasi deb biladi va o’z navbatida Xitoy ham shunday ruhda javob qadamini qo’ymoqda.

Trampning aytishicha, Pekin Vashingtondan tariflarni Xitoy Xalq Respublikasining 70 yillik yubileyi bilan bir kunda, ya’ni 1-oktabr kuni joriy etmaslikni so’ragan. Tramp bunga rozi bo’lib, qarorini yaxshi niyat ishorasi deb atadi.

Xitoyning 250 milliard dollarlik eksportini nishonga oluvchi AQShning 25 dan 30 foizgacha bo’lgan tariflari 15-oktabrgacha qoldirildi.

Tramp bu qarorini Xitoy AQShga qarshi 17-sentabrda kuchga kirishi kutilayotgan sanksiyalar ro’yxatidan bir necha turdagi mahsulotlar mustasno bo’lishi haqida e’lon qilishi ketidan bildirgan.

“Xitoy to’g’ri ish qildi deb o’ylayman. Ayrim tovarlarning ro’yxatdan chiqarilgani to’g’ri bo’ldi. Bu katta qadam bo’ldi. Ko’plar hayron bo’ldi, lekin men emas. Xitoyliklar menga yoqadi, ularni yaxshi bilaman, til topisha olamiz degan umiddaman”, - dedi Tramp.

Kelasi oy Vashingtonda AQSh-Xitoy savdo muzokaralarining yangi davrasi boshlanadi. So’nggi bor tomonlar iyul oyida uchrashgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG