Breaking News

Xitoy va Amerika iqtisodiyoti bir-biriga chambarchas bog'liq


AQShda ishsizlik ko'lami 8 foizdan yuqori ekan, ko'pchilik mehnat o'rinlarining kamayishida Xitoyni ayblaydi. Lekin Xitoy va Amerika o'z iqtisodini bir-birisiz tebrata olmaydi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, respublikachi Mitt Romni o’z kompaniyasini yuritgan davrda AQShdagi zavodlarni yopib, ish o’rinlarini Xitoyga ko’chirgan.

Romni fikricha esa Obama Xitoyning adolatsiz savdo siyosatiga ko’z yumib kelmoqda.

Kaliforniya-Irvin Universiteti professori Piter Navarro deydiki, Xitoy bilan savdo qilish masalasi siyosiy bahslarda ko’proq tilga olinishi kerak.

Chunki Xitoy noqonuniy mahsulotlar ishlab chiqarilishini qo’llab-quvvatlash va yuan qadrini sun’iy ushlab turish kabi adolatsiz iqtisodiy siyosat yuritadi.

“2001-yilda Xitoyga darvozalarimizni ochib berdik. O’shandan beri 50 mingdan ziyod zavodlarimiz yopildi. Sanoat sohasida 6 million ish o’rnini boy berdik”, - deydi professor.

Professor Navarro ayni shu masalani “Qotil Xitoy” nomli hujjatli filmda ko’tarib chiqdi. Film hozir AQSh kinoteatrlarida namoyish qilinmoqda.

Deyvid Bibona va uning akasi neft sanoati uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqaradigan kichik zavodga ega. Xitoydan kelayotgan arzon mollar ularning biznesi rivojlanishiga to’siq bo’lyapti.

“Doimiy mijozlar topish juda qiyin. Ba’zan Xitoy mollari narxida minglab qismlar ishlab chiqarishga to’g’ri keladi”, - deydi u.

Ammo hamma ham Xitoy bilan hamkorlikni qoralamaydi. Los Anjeles porti rasmiylarining aytishicha, aynan savdo qilish orqali ko’plab yangi ish o’rinlari yaratilyapti.

Montyor Jeremi Rozik ana shunday mahalliy ishchilardan.

“Albatta, bizdek odamlarga ish bor ekan, bundan manfaatdormiz”, - deydi u.

Port rasmiysi Filip Sanfildning aytishicha, Kaliforniyada portga aloqador 1,2 million ishchi bor. Ularning aksariyati Xitoy mollari bilan ishlaydi.

“Portdagi ishlarning ko’p qismi Xitoy bilan olib borilayotgan savdoga aloqador”, - deydi Sanfild.

Xitoyning Amerikaga sotadigan moli oladiganidan ko’proq. Ammo AQSh eksporti ham oshib bormoqda, deydi iqtisodchi Ferdinando Guerra.

“So’nggi yillarda eksport hajmi 15-20 foizga oshdi”, - deydi Guerra.

Arzon Xitoy mahsulotlari oddiy xalq uchun ham foydali.

“Xitoyning arzon mollari inflyatsiyani past saqlashga yordam beryapti”, - deydi iqtisodchi.

Guerraning aytishicha, Xitoy bilan savdo qilishdan ayrim amerikaliklar yutqazishi mumkin, ammo ularga qarshi iqtisodiy urush ochish muammoga yechim bo’la olmaydi. Aksincha, iqtisodni yanada rivojlantirish uchun Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirish kerak, deydi iqtisodchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG