Breaking News

AQSh-Xitoy savdo urushiga oid tortishuv davom etmoqda


AQSh elchixonasi oldida turgan xitoylik askar, Pekin

6-aprel kuni AQSh va Xitoy o'rtasida savdo urushiga oid tortishuv yanada avj oldi. Prezident Donald Tramp 100 milliard dollarlik Xitoy mahsulotiga qo'shimcha boj joriy qilinishi haqida ogohlantirmoqda. Pekin o'z navbatida "har qancha qimmatga tushmasin", qarshi chora ko'rish bo'yicha oxirigacha kurashishini aytmoqda.

Xitoy 50 milliard dollarlik AQSh mollariga, xususan, soya va kichik samolyotlarga boj joriy qilinishini e'lon qilgach, Tramp savdo bo'yicha AQSh vakiliga qo'shimcha tariflarni joriy etish bo'yicha topshiriq berganini aytdi.

Import tovarlarga boj qo'yish bo'yicha tahdidlar kuchayib borayotganiga qaramay, AQSh rahbari savdo urushi ketayotganini inkor etdi.

"Biz Xitoy bilan savdo urushida emasmiz. Bir necha yil oldin AQSh nomidan ishlagan no'noq va noqobil odamlar bu urushni allaqachon boy berib bo'lgan. Hozir har yili 500 milliard dollarlik savdo defitsitiga egamiz. Intellektual o'g'rilikni qo'shsak, yana 300 milliard. Buning shunday davom etishiga yo'l qo'ya olmaymiz", - dedi Tramp "Twitter" orqali.

Oq uyning aytishicha, Xitoyga qarshi tariflar joriy qilinayotganining sababi shundaki, Pekin adolatsiz savdo amaliyotlari bilan global bozorni buzib, AQSh bizneslariga zarar yetkazishda davom etmoqda.

Pekinning "Xitoyda ishlab chiqarilgan - 2025" nomli loyihasida mahalliy va xorijiy bozorlardagi ulushlarni xorijliklardan tortib olish maqsad qilingan, deyiladi Oq uy bayonotida.

Xitoy Savdo vazirligining aytishicha, agar Vashington Pekinni ayblashda davom etsa, Xitoy kurashni oxirigacha olib boradi va keskin javob qaytaradi.

AQSh choralariga javoban shu hafta boshida Xitoy 50 milliard dollarlik AQSh mahsulotlariga qo'shimcha import tariflarini joriy etishini bildirgan. Soya, samolyot va avtomobil kabi 106 AQSh tovariga 25 foizgacha import boji qo'yilishi ko'zda tutilgan.

Pekinning bu qarori AQSh jazolayotgan Xitoy mahsulotlari ro'yxati e'lon qilinishidan 11 soat o'tib-o'tmasdan e'lon qilindi. Xitoy Savdo vazirligining aytishicha, yangi tartibning kuchga kirish muddati AQShda tariflarning qachon amalga tatbiq etilishiga bog'liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG