Breaking News

Obama: Yer, dengiz talashish Osiyo taraqqiyotini sekinlatmoqda


AQSh Prezidenti Barak Obama nazarida Janubi-sharqiy Osiyoda davlatlar yer va dengiz talashgani sari mintaqa taraqqiyoti sekinlashmoqda. Uning aytishicha, Xitoyning hududiy da'volari qisman asosli bo'lishi mumkin, lekin rasmiy Pekin qo'shnilarga dag'dag'a qilishni bas qilishi kerak.

Obama: Yer, dengiz talashish Osiyo taraqqiyotini sekinlatmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

Vashingtonda Janubi-sharqiy Osiyodan kelgan liderlar bilan ko'rishgan Obama nazarida mintaqa oxirgi yillarda jadal rivojlanishida tinchlik va barqarorlik muhim rol o'ynagan. Janubiy Xitoy dengizida erkin qatnash imkoni ham bunga katta hissa qo'shgan, deydi u:

"Qoidalarga barcha birday amal qilgan. Xalqaro suvlarda o'zini tutish qoidalari bor. Bu hududda bahs-talashish yuzaga kelsa, nizo xalqaro mexanizmlar yordamida hal qilinadi. Lekin davlatlar xalqaro qoidalarni buza boshlasa muvozanat buziladi. Kattaroq davlat qonunlar asosida emas, o'z qudrati va harbiy dengiz salohiyati asosida qo'shnilarni turta boshlasa, Osiyodan baraka ketadi", - deydi Obama.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar regionda biror hududga da'vogar emas. Biror davlatning tarafini olayotgani ham yo'q. Biroq Tinch okeanidagi davlat sifatida Amerika mazkur mintaqada nizolar tinch, diplomatik yo'l bilan, xalqaro me'yorlar asosida yechilishini istaydi.

Prezident nazarida yer talashish va agressiv xatti-harakatdan naf yo'q.

"Xitoy kelajagi barqaror, muvaffaqiyatli ekani aniq. Yirik, qudratli davlat bu. Xalqi juda iste'dodli va mehnatkash. Pekinning Janubiy Xitoy dengiziga da'vosi balki qisman asoslidir. Lekin bu da'voni kuch bilan uqtirish, qo'rqitish to'g'ri emas", - deydi prezident.

Xitoy bahsli hududlarda qurilish ishlarini to'xtatmoqchi emas. Pekin o'z suvereniteti doirasida harakat qilayotganini ta'kidlaydi. Kommunistik mamlakat xalqaro bosim ostida chekinsa, rejalaridan qaytsa, Amerika boshliq kuchlar o'zidan ketib Pekinni qattiqroq siquvga oladi, deb hisoblaydi Xitoy tomoni. Mintaqa tinchligi va taraqqiyotidan avvalo biz manfaatdormiz, deya ishontiradi Xitoy hukumati.

Bu orada, Prezident Obama Vashingtonda janubi-sharqiy osiyolik rahbarlar bilan muloqot qilar ekan, Xitoyning Osiyo Infratuzilma Sarmoya Banki orqali qilayotgan sarmoyasini olqishlagan. Pekin mazkur bank orqali regiondagi infratuzilmaga moliya kiritayapti. Obama, shuningdek, Myanmadagi ahvolda alohida to'xtaldi. Bu davlatda demokratik islohotlar kelajagi ozchilik musulmon elat - rohinjalarga muomalaga bevosita bog'liq, deya eslatdi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG